Muxlislar Messining maydonga tushmagani uchun 347 ming dollar undirib oldi
Sport
−
04 mart 3400 1 daqiqa
Kanadaning “Vankuver” jamoasi “Inter Mayami” hujumchisi Lionel Messi bilan bog‘liq vaziyat sabab 347 ming dollar jarima to‘laydi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, sud 2024 yilda “Vankuver” klubiga qarshi kiritilgan jamoaviy da’voni qanoatlantirgan. Muxlislar klubni Messi maydonga tushmasligi aniq bo‘lgan o‘yin oldi reklama materiallarida argentinalik futbolchining tasviridan foydalanganlikda ayblashgan.
Qayd etilishicha, shunga o‘xshash holat “Inter Mayami”ning reklama kampaniyasida ishtirok etgan Serxio Buskets va Luis Suares bilan ham yuzaga kelgan – ular ham mazkur o‘yinda maydonga tushmagan.
Xabarda aytilishicha, hatto bir muxlis Italiyadan Vankuvergacha safar qilgan, biroq Messini maydonda ko‘ra olmagan.
Shuningdek, ma’lum qilinishicha, muxlislar “Vankuver”ning ushbu jarimasidan kompensatsiyasi olmaydi. Jarima sifatida undirilgan mablag‘ to‘liq xayriya ishlariga yo‘naltiriladi.