Myunxenda Eron hukumatiga qarshi yirik namoyish o‘tkazildi
Olam
−
21:00 1137 1 daqiqa
Bugun, 14 fevral kuni Germaniyaning Myunxen shahrida Eron hukumatiga qarshi namoyish bo‘lib o‘tdi va unda qariyb 200 ming kishi ishtirok etdi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Namoyishlar Myunxen xavfsizlik konferensiyasi o‘tkazilayotgan vaqtda bo‘lib o‘tgan. Ishtirokchilar Tereziyenvize maydonida to‘planib, Eronda yanvar oyidagi norozilik namoyishlari kuch bilan bostirilganini qoralagan. Inson huquqlari tashkilotlari Eronda o‘sha vaqtda minglab namoyishchilar halok bo‘lganini ma’lum qilgan.
Eronning sobiq valiahd shahzodasi, surgunda yashayotgan Rizo Pahlaviy Myunxendagi xavfsizlik konferensiyasida nutq so‘zlab, Donald Trampni Eron xalqini qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan. U Eronda yana begunoh insonlar qurbon bo‘lishining oldini olish uchun xalqaro hamjamiyatni “gumanitar aralashuv”ga da’vat etgan.
Shuningdek, o‘tgan hafta Berlinda Eron tomonidan “terrorchi tashkilot” deb e’tirof etilgan surgundagi muxolifat guruhining chaqirig‘i bilan taxminan 10 ming kishi namoyishga chiqqandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Eronda bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlari vaqtida 30 mingga yaqin odam halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi