Nyu-Yorkda cherkov yonib ketdi (video)
Olam
−
24 aprel 1516 2 daqiqa
Kecha, 23 aprel kuni kechqurun Nyu-Yorkning Astoriya (Kuins) hududida joylashgan bo‘sh turgan cherkovda kuchli yong‘in sodir bo‘ldi. Hodisa joyiga 250 dan ortiq o‘t o‘chiruvchi va tez tibbiy yordam xodimlari jalb etilgan va 6 nafar o‘t o‘chiruvchi jarohat olgan. Bu haqda CBS News nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, cherkov 12 ko‘chada, Astoriya bul’vari va 27 avenyu oralig‘ida joylashgan. Tunda qora tutun bir nechta ko‘chani qamrab olgan va mahalliy aholi niqob taqishga majbur bo‘lgan. O‘t o‘chirish xizmati ma’lumotiga ko‘ra, yong‘in taxminan soat 18:45 da cherkov hovlisidagi turar joydan boshlangan va tez orada asosiy binoga o‘tib ketgan. Yong‘in keyinchalik beshinchi darajagacha yetgan. Kuchli alanga cherkov tomidan chiqib turgani kuzatilgan.
“Bo‘linmalarimiz ikki bino ichiga kirib, bir necha suv shlanglari bilan yong‘inni bartaraf etishga urundi. Odatda yong‘in bunday eski cherkovlarda devor ichiga va tom qismiga o‘tib ketsa, uni o‘chirish juda qiyin bo‘ladi”, deydi operatsiya rahbari Kevin Vuds.
Hodisa oqibatida tom qisman qulagan va g‘ishtlardan biri o‘t o‘chiruvchiga tegib, u shifoxonaga olib ketilgan. Yong‘in tufayli yaqin atrofdagi binolardan odamlar evakuatsiya qilingan.
“Bu cherkov tarixiy, taxminan 1850 yillarda qurilgan. U “Dutch Reformed Church” deb atalgan va bir yildan beri bo‘sh turgan edi. Shunday yong‘in chiqqaniga hayron emasman”, deydi mahalliy aholi va tarixchi Dominik Perro.
Hozircha yong‘in sababi aniqlanmagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Niderlandiyaning Amsterdam shahrida Vondelkerk nomli tarixiy cherkov yirik yong‘in oqibatida deyarli butunlay vayron bo‘lgandi.
Oybek Rustamov
Live
Barchasi