Nyu-Yorkda rekord darajada yog‘gan qor shaharni falaj qildi (video)

Olam

image

AQSHning Nyu-York shahri meri Zoxran Mamdani shaharga yopirilgan kuchli qor bo‘roni munosabati bilan favqulodda holat rejimi joriy etilganini e’lon qildi. Transport harakati to‘xtatildi, maktablarda darslar bekor qilindi. Bu haqda kecha, 22 fevral kuni Nyu-York merining rasmiy sayti xabar berdi.

Qayd etilishicha, favqulodda xizmatlar xodimlari va hayotiy muhim sohalarda ishlovchi mutaxassislarning xavfsiz va tez harakatlanishini ta’minlash maqsadida shahar ko‘chalari muhim bo‘lmagan transport vositalari uchun yopiladi. Munitsipal maktablarda o‘qishlar bekor qilingan.

“Nyu-York aholisining xavfsizligi – mening asosiy ustuvor vazifam. Qor bo‘roni sababli ma’muriyatimiz mavjud barcha resurslarni safarbar etmoqda.

Favqulodda holat e’lon qilinishi byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish imkonini beradi, shunda tez yordam mashinalari, sanitariya brigadalari va muhim xizmatlar xodimlari kechikmasdan o‘z vazifalarini bajara oladi”, deydi Mamdani.

Uning qo‘shimcha qilishicha, shahar hokimiyati narxlarning sun’iy oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun vaziyatni kuzatib boradi hamda nyu-yorkliklarni yolg‘iz qariya qo‘shnilariga e’tiborli bo‘lishga chaqirgan.

“New York Post” yozishicha, mer shahar so‘nggi o‘n yil ichida bunday ko‘lamdagi bo‘ronga duch kelmaganini ta’kidlagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Nyu-York tarixidagi eng dahshatli o‘nta bo‘rondan biri bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Avstriya Alplarida kuchli qor yog‘ishi qor ko‘chkilarini keltirib chiqargandi. Oqibatda kamida besh kishi halok bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

N'yu-York qor bo'roni Zoxran Mamdani

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing