Qozog‘istonda qor bo‘ronida qolib ketgan uch o‘zbekistonlik qutqarildi
Olam
−
12 fevral 3391 1 daqiqa
Qozog‘istonda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlari qor bo‘ronida qolib ketgan uch nafar o‘zbekistonlikni qutqardi. Bu haqda vazirlikning rasmiy sahifasida xabar berildi.
Ma’lum qilinishicha, qutqaruvchilar 24 soat ichida 87 nafar fuqaro, jumladan 6 nafar bolani qutqarib, evakuatsiya qilgan. Shuningdek, 10 ta avtomashina qor uyumlaridan chiqarib olingan.
Qarag‘anda viloyatida “Ostona – Qarag‘anda” (aylanma yo‘l orqali) respublika ahamiyatidagi avtomobil yo‘lining 948-kilometrida yengil avtomashina yo‘l chetidagi zovurga tushib ketgan. Mashina salonida O‘zbekistonning uch nafar fuqarosi bo‘lgan. Qutqaruvchilar ularni evakuatsiya qilib, isitish punktiga yetkazgan. Maxsus texnika yordamida avtomashina tozalangan yo‘l qismiga tortib chiqarilgan.
Shuningdek, “Ulutau – Jezqazg‘an” trassasida, Ulutau qishlog‘idan 35 km masofada yengil avtomashina qor uyumida qolib ketgan. Salonda 8 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Qutqaruvchilar transport vositasini qordan chiqarib, tozalangan yo‘l qismiga olib chiqqan, yo‘lovchilar safarni davom ettirgan.
“Qozog‘iston FVV fuqarolarni ehtiyotkorlik choralariga rioya qilishga, ogohlantirishlarni kuzatib borishga va noqulay ob-havoda uzoq safarlarga chiqmaslikka chaqiradi. Qishloq joylarda yashovchilarga ob-havo yomonlashganda uzoq piyoda yurishdan tiyilish tavsiya etiladi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) qutqaruvchilari Qashqadaryo viloyatida qor bo‘ronida qolib ketgan o‘n kishini qutqarib qolgandi.
Live
Barchasi