Namanganda ko‘cha bezoriligi bilan shug‘ullangan “Eshon” ushlandi (video)
Olam
−
26 yanvar 6847 2 daqiqa
Namangan shahrida bezorilik bilan shug‘ullanib, odamlarga bosim o‘tkazish orqali noqonuniy faoliyat yuritib kelgan “Eshon” laqabli shaxs ushlandi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar berdi.
Tergov materiallariga ko‘ra, B.N. jinoiy sheriklari bilan birgalikda Namangan shahrida yashovchi tanishini “Barkamol avlod” mahallasi hududiga chaqirib, uni “ko‘cha yechimlarida ishtirok etmayotgani” va chaqirilgan paytda kelmayotgani kabi bahonalar bilan ayblagan. Shundan so‘ng fuqaroning badaniga qo‘li va o‘tkir kesuvchi jism bilan urib, unga tan jarohati yetkazgan.
Namangan viloyati sud-tibbiy ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, jabrlanuvchining chap yelka qismida kesilgan va sanchilgan jarohatlar aniqlangan. Ma’lum bo‘lishicha, o‘zini “Eshon” laqabi bilan tanitib, go‘yoki “ko‘cha ishlarini hal qiluvchi” sifatida tanilgan ushbu shaxs fuqarolarga bosim o‘tkazish orqali noqonuniy faoliyat yuritib kelgan.
Noqonuniy daromad orttirib kelgan ushbu shaxs protsessual tartibda qo‘lga olinib, unga nisbatan Namangan shahar Ichki ishlar boshqarmasi huzuridagi tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) uchinchi qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorazm viloyatida o‘zidan “ko‘cha” yasab olgan, “Jommi Darital”, “Malish” va “Rasul qilich” nomlari bilan tanilgan uch kishiga jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ular qamoqqa olingandi.
Live
Barchasi