Namangandagi “zapravka”da portlash bo‘ldi. Qurbon bor (video)
Jamiyat
−
26 Oktabr 20673 1 daqiqa
Kecha, 25 oktyabr kuni Namangan viloyatining Chust tumanida joylashgan avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasida portlash bo‘ldi va buning oqibatida bir kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, kecha, 25 oktyabr kuni soat 18:47 da 112-tizimiga Namangan viloyati Chust tumani “Birlik” mahallasida ish faoliyatini to‘xtatgan avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchasida chaqnash sodir bo‘lgani haqida xabar kelib tushgan.
“Hodisa joyiga uchta yong‘in-qutqaruv bo‘linmasi yetib borgan. Yong‘in yuzaga kelmagan. 10 tonnalik yoqilg‘i saqlash sisternasining boshqa joyga ko‘chirish jarayonida yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya qilinmaganligi natijasida chaqnash yuz bergan”, deyiladi FVV xabarida.
Bildirilishicha, chaqnash oqibatida payvandlovchi sifatida ishlagan ishchi vafot etgan. Hozirda hodisa sabablari va yetkazilgan zarar miqdori o‘rganilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, joriy yil 13 avgust kuni Surxondaryo viloyatining Sho‘rchi tumanida joylashgan gaz quyish shoxobchasida portlash yuz bergandi. 5 sentyabr kuni Andijon viloyatining Andijon tumanida joylashgan yoqilg‘i quyish shoxobchasida yong‘in sodir bo‘ldi.
Live
Barchasi