“Nechta xotining bor?” Tramp ash-Sharani siyladi (video)
Olam
−
12 noyabr 4333 2 daqiqa
Joriy yilning 10 noyabr kuni AQSH Prezidenti Donald Tramp Oq uyda bo‘lib o‘tgan uchrashuv chog‘ida Suriya muvaqqat prezidenti Ahmad ash-Sharaga o‘z nomi ostida ishlab chiqarilgan atirni sovg‘a qildi. Bu haqda NDTV xabar berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Tramp va ash-Sharaning Oq uydagi videosi tarqalib, turli muhokamalarga sabab bo‘ldi. Videoda atir nomi aytilmagan bo‘lsa-da, AQSH yetakchisi ash-Sharaga uzatayotgan idish Tramp brendi ostida chiqarilgan atirlarning rasmiy saytida joylashtirilgan “Victory 47” nomli atir shishasi bilan bir xil ekani ko‘rinadi. Saytdagi ma’lumotga ko‘ra, bu atirning erkaklar va ayollar uchun mo‘ljallangan ikki turi mavjud bo‘lib, hozirda u 249 dollarga sotilmoqda.
Tramp ash-Sharaga “bittasini o‘zingizga, ikkinchisini xotiningizga oling”, deb taklif qilgan. So‘ng “Sizning nechta xotiningiz bor, birmi?” deya so‘ragan. Ash-Shara esa AQSH Prezidentiga “faqat bir nafar xotinim bor”, deb javob bergan.
Eslatib o‘tamiz, Donald Tramp Oq uyda Ahmad ash-Shara bilan uchrashgani haqida xabar berilgandi. Uchrashuvdan so‘ng, Tramp Suriya rahbarini “kuchli lider” deb atagan. Trampning fikricha, ash-Shara Suriyani “juda muvaffaqiyatli” davlatga aylantira oladi.
AQSH joriy yilning 7 noyabr kuni ash-Shara Vashingtonga Tramp bilan muzokaralar o‘tkazish uchun tashrif buyurishi arafasida unga nisbatan sanksiyalarni bekor qilgandi. Bunga 6 noyabrda, BMT Xavfsizlik Kengashining ham ash-Sharaga nisbatan sanksiyalarni olib tashlash bo‘yicha qarori sabab bo‘lgan.
Live
Barchasi