Nepalda zumerlar o‘ziga yangi yetakchi tanladi
Olam
−
12 Sentabr 6536 2 daqiqa
Bugun, 12 sentyabr kuni Nepal Prezidenti Ram Chandra Paudel mamlakat Vakillar palatasini tarqatib yuborishga va muvaqqat hukumat rahbari etib Oliy sudning sobiq raisi Sushila Karkini tayinlashga rozi bo‘ldi. Bu haqda “Himalayan Times” va “Khabarhub” xabar berdi. Shuningdek, ushbu ma’lumotni davlat rahbarining jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha maslahatchisi Kiran Poxrel tasdiqlagan.
“Khabarhub”ning manbalariga ko‘ra, Paudel jamoatchilik bosimiga yon bergan. Hozirda ushbu qadamlarni qonuniylashtiruvchi hujjatlar tayyorlanmoqda. Poxrelning aniqlik kiritishicha, Karki bugun, 12 sentyabr oqshomidayoq qasamyod qilishi mumkin.
“Himalayan Times”ning yozishicha, Prezidentning qarori parlamentni tarqatishni (Vakillar palatasi – quyi palata, yuqori palata esa Milliy majlis hisoblanadi) va partiyasiz vaqtinchalik hukumat tuzishni talab qilayotgan “zumerlar inqilobi” ishtirokchilari talablari bilan mos keladi.
“Khabarhub” nashriga ko‘ra, yoshlar Karkini o‘tish davrida mamlakatni boshqarish uchun eng munosib nomzod deb hisoblamoqda. “Reuters”ning manbasi ham “Z-avlod” bosh vazir sifatida aynan Karkini ko‘rishni istashini bildirgan.
Ma’lumot uchun, 73 yoshli Karki 2016-2017 yillarda Oliy sudga raislik qilgan, sud tizimida esa 2010 yildan beri ishlagan. Ungacha u advokat, undan avval esa o‘qituvchi bo‘lgan. U Nepalda Oliy sudga raislik qilgan ilk ayol hisoblanadi. Karki mamlakatda korrupsiyaga qarshi kurashuvchi faol sifatida, shuningdek, halolligi va pokligi bilan tanilgan.
Qayd etish joiz, Nepal hukumati joriy yilning 4 sentyabr kuni ayrim messenjerlar va ijtimoiy tarmoqlar faoliyatiga cheklov joriy qilgan edi. 8 sentyabr kuni Katmandu va boshqa yirik shaharlarda minglab namoyishchilar hukumat choralariga qarshi ommaviy norozilik namoyishlariga chiqdi. 9 sentyabr kuni noroziliklar fonida hukumat ijtimoiy tarmoqlar faoliyatiga qo‘yilgan taqiqni olib tashladi.
Namoyishlar rasmiy yetakchilarsiz o‘tgani bilan, ularning yuzi “Biz Nepal uchun” yoshlar nodavlat tashkiloti raisi Sudan Gurung bo‘ldi. Mazkur tashkilot yoshlarning jamiyatni o‘zgartirishdagi faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlaydi, internetda senzura va korrupsiyaga qarshi chiqadi.
Ma’lumot o‘rnida, Nepal – Janubiy Osiyoda joylashgan, aholisi 30 millionga yaqin kichik davlat bo‘lib, Himolay tog‘ tizmalari bag‘rida joylashgan. Mamlakat iqtisodiyoti asosan qishloq xo‘jaligi, turizm va chet elda ishlayotgan fuqarolarning pul o‘tkazmalariga tayanadi, rivojlanishi sekin kechmoqda. Mamlakat ish o‘rinlari yetishmovchiligi, Hindiston va Xitoyga savdoda qaramlik kabi muammolarga duch kelmoqda. Ko‘pincha Nepal iqtisodiyoti zilzilalar, suv toshqinlari kabi tabiiy ofatlardan zarar ko‘radi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Nepal armiyasi “Z-avlod” namoyishchilari bilan yangi vaqtinchalik yetakchini tayinlash masalasida muzokaralar o‘tkazayotgani xabar qilingandi.