Netanyaxu Eron oliy rahbarini o‘ldirish bilan tahdid qildi
Olam
−
10:24 3564 2 daqiqa
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Eronning yangi oliy rahbari Mujtabo Xomanaiyni o‘ldirish bilan tahdid qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Netanyaxu Eron bilan urush boshlanganidan beri ilk bor matbuot anjumani o‘tkazib, Eron “endi avvalgidek emas”ligini aytib, Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi hamda Basij yarimharbiy kuchlariga zarba berilganini ta’kidladi.
Isroil Bosh vaziri urushga qo‘shilgan Livandagi “Hizbulloh” guruhi nishonlariga qarshi hujumlar davom etishini ham ma’lum qildi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Eronning oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy 28 fevral kuni havo hujumlari oqibatida halok bo‘lgan. Shundan so‘ng 2 mart kuni “Hizbulloh” Isroilga qarshi hujumlarni boshlagan va buni Xomanaiy o‘limi uchun qasos deb atagan.
Ali Xomanaiy vafotidan keyin Eronning yangi oliy rahbari etib uning o‘g‘li Mujtaba Xomanaiy tayinlangan.
Matbuot anjumanida Netanyaxudan Mujtaba Xomanaiy va “Hizbulloh” yetakchisiga qarshi qanday choralar ko‘rilishi so‘raldi. U aniq rejalarni ochiqlamasligini bildirdi.
“Men terrorchi tashkilot rahbarlaridan birortasiga ham hayot sug‘urtasi polisini bermagan bo‘lardim... Bu yerda nimalarni rejalashtirayotganimiz yoki nima qilmoqchi ekanimiz haqida aniq hisobot berish niyatim yo‘q”, degan Bosh vazir.
Isroil Eronga qarshi hujumlarning maqsadi Tehronning yadroviy va ballistik raketa dasturlaridan kelib chiqayotgan “ekzistensial tahdidni bartaraf etish” ekanini ta’kidlamoqda.
Shuningdek, Netanyaxu Eron xalqini hukumatga qarshi qo‘zg‘olonga chaqirdi. Biroq, urush boshlanganidan buyon mamlakatda hukumatga qarshi yirik norozilik namoyishlari kuzatilgani yo‘q. Netanyaxu esa hukumat ag‘darilmasa ham, uning zaiflashganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan birgalikda “yomon yigitlar”ga qarshi kurashayotganini, ularning o‘zlari esa “yaxshi yigitlar” ekanini aytgandi.
Live
Barchasi