Netanyaxu “The New York Times”ni sudga berdi

Olam

image

Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va mamlakat Tashqi ishlar vaziri Gideon Saar “The New York Times” nashriga qarshi tuhmat bo‘yicha da’vo arizasi berishga qaror qildi. Bu haqda Bosh vazir matbuot xizmati xabar berdi.

Bunga nashrda chop etilgan, Isroil kuch tuzilmalari tomonidan falastinliklarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik va tahqirlar qo‘llanilgani haqidagi maqola sabab bo‘lgan.

Isroil hukumati matbuot xizmati bayonotida aytilishicha, nashr muxbiri Nikolas Kristofning maqolasi “zamonaviy matbuotda Isroilga qarshi e’lon qilingan eng jirkanch va buzib ko‘rsatilgan yolg‘on materiallardan biri” deb baholangan.

Netanyaxuning aytishicha, maqolada Isroil askarlariga tuhmat qilingan va “qonli bo‘hton” tarqatilgan.

“Ular HAMAS terrorchilari bilan Isroil askarlari o‘rtasida soxta tenglik yaratishga urindi”, degan Isroil Bosh vaziri.

U bu ayblovlarni ham jamoatchilik oldida, ham sud orqali rad etishini bildirgan.

11 may kuni e’lon qilingan maqolada falastinlik mahbuslar va qo‘lga olinganlarga nisbatan Isroil xavfsizlik kuchlari tomonidan jinsiy zo‘ravonlik holatlari bo‘lgani aytilgan.

Maqola muallifi sobiq mahbuslar intervyulari, huquqni himoya qilish tashkilotlari ma’lumotlari va Birlashgan Millatlar Tashkiloti materiallariga tayangan.

Materialda erkaklar, ayollar va voyaga yetmaganlar qamoqxonalar hamda qo‘lga olish paytida zo‘ravonlik va tahqirlarga uchraganini aytgani keltirilgan.

Shu bilan birga, maqolada Isroil rahbariyati bunday harakatlarga bevosita buyruq berganini tasdiqlovchi dalillar yo‘qligi ham qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Eronga qarshi operatsiya vaqtida Birlashgan Arab Amirliklariga maxfiy tashrif buyurgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Isroil HAMAS Bin'yamin Netan'yaxu The New York Times

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing