Netanyaxu Trampni Eronga yana zarba berishga ko‘ndirmoqchi – WP
Olam
−
29 dekabr 2025 2219 2 daqiqa
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu AQSH Prezidenti Donald Tramp bilan bugun, 29 dekabr kechqurun bo‘ladigan uchrashuvda Vashingtonni Eronning raketa ob’ektlariga zarba berishga ruxsat berishga ko‘ndirishga urinib ko‘radi. Bu haqda manbalariga tayanib, “The Washington Post” (WP) gazetasi xabar qildi.
Gazeta ma’lumotlariga ko‘ra, Netanyaxu Eronni hanuz Isroil manfaatlari uchun mintaqaviy tahdid deb hisoblaydi va AQSHdan yoki Isroil armiyasi tomonidan zarbalarga ruxsat berishni, yoki Amerika Qurolli kuchlarining to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashuvini talab qilmoqchi. Shuningdek, Isroil Bosh vaziri Trampni G‘azo sektori bo‘yicha ham qattiqroq pozitsiya egallashga ko‘ndirishga harakat qiladi. U Trampning tinchlik rejasining ikkinchi bosqichida belgilangan hududlardan Isroil qo‘shinlari chiqarilishidan oldin HAMAS harakati bo‘linmalarini kuch bilan qurolsizlantirishga kafolat olishni istaydi.
WP ta’kidlashicha, Netanyaxu o‘z maqsadlariga erishishi ehtimoli past, chunki hozirda Amerika Prezidenti Yaqin Sharqda keskinlikning yana kuchayib ketishidan qochishga va o‘z tinchlikparvar siyosatini davom ettirishga intilmoqda.
13 iyunga o‘tar kechasi Isroil Eronga qarshi harbiy operatsiya boshlagan edi. Eron bunga javoban qarshi hujum uyushtirdi. 22 iyun kuni AQSH mojaroga qo‘shilib, Isfahon, Natanz va Fordo shaharlaridagi Eron yadroviy ob’ektlariga zarba berdi. Ertasi kuni Eron Qatardagi Yaqin Sharqdagi eng yirik Amerika harbiy-havo bazasi – “Al-Udeyd”ga hujum qildi. Shundan so‘ng Tramp Isroil va Eron o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish rejimiga kelishilganini ma’lum qildi. Bu rejim 24 iyun kuni kuchga kirdi.
Live
Barchasi