Netanyaxuning BMTdagi nutqini O‘zbekiston delegatsiyasi ham boykot qildi
Olam
−
29 Sentabr 13570 2 daqiqa
Avvalroq, Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu BMT Bosh Assambleyasida nutq so‘zlash uchun minbarga chiqqanda zalda uzoq vaqt qichqiriqlar yangragani va so‘ngra ko‘plab mamlakat yetakchilari ommaviy ravishda zalni tark etgani haqida xabar berilgandi. Bosh vazirning nutqida ishtirok etmagan delegatsiyalar orasida O‘zbekiston ham bor. Bu haqda Ynet nashri xabar berdi.
Nashrning Isroil rasmiylariga tayanib yozishicha, 77 ta delegatsiya zalni nutq boshlanishidan oldin tark etgan yoki umuman qatnashmagan.
Ular orasida Misr, Iordaniya, Livan va Suriya, Saudiya Arabistoni, Turkiya va Eron kabi davlatlar ham bor. Ammo BAA vakillari boshqalar qatori zalni tark etishga shoshilmagan va Netanyaxuning nutqini tinglagan. Isroil rasmiylari buni har ikki davlat Tel-Aviv bilan rasman diplomatik munosabatlarga egaligi bilan izohlagan.
Ko‘plab davlat yetakchilari Isroilning yakkalanib qolishini ijobiy qabul qilgan va Isroil vakillari G‘azodagi qotilliklar uchun xun to‘lashi kerakligini ta’kidlagan. Ular orasida Turkiya rahbari Rajab Toyib Erdo‘g‘an ham bor.
“O‘sha qotil Netanyaxu BMT minbarida turib, bo‘sh o‘rinlarga qarab nutq so‘zladi. Zulm ostidagilarning dod-faryodi erta yo kech sizni quvib yetadi”, deya fikr bildirgan Turkiya Prezidenti.
Qayd etish joiz, Bosh vazir minbarga chiqqan vaqtida zalni tark etgan, yoki umuman qatnashmagan 77 davlat orasida Ispaniya, Braziliya, Irlandiya, Malayziya, Indoneziya, Janubiy Koreya, Quvayt, Qatar, Ummon, shuningdek Lotin Amerikasi, Afrika hamda Tinch okeani mintaqasidagi bir qator mamlakatlar bor.
Eslatib o‘tamiz, Netanyaxuning BMT Bosh Assambleyasidagi nutqi G‘azoda HAMAS tomonidan ushlab turilgan garovdagilar oilalariga murojaat bilan boshlangan. Isroil Bosh vazirining ko‘rsatmasi bilan mamlakat armiyasi G‘azo sektorida karnaylar o‘rnatgan va Netanyaxuning nutqi u yerdagi aholiga ham eshittirilgan. Bundan tashqari, minglab falastinliklarga Netanyaxu nomidan xabarlar yuborilgan.
Live
Barchasi