Nigeriyada 200 dan ortiq maktab o‘quvchisi o‘g‘irlab ketildi

Olam

image

Kecha, 21 noyabr kuni Nigeriyada qurollangan odamlar katolik internat maktabiga hujum qilib, 200 dan ortiq o‘quvchi va o‘qituvchini o‘g‘irlab ketdi. Bu esa bir hafta ichida qayd etilgan ikkinchi holat. Bu haqda Xristianlar assotsiatsiyasiga tayanib, NBC News xabar berdi.

Nashrning yozishicha, hujum mamlakatning g‘arbidagi 12-17 yoshdagi bolalar tahsil oladigan Avliyo Mariya o‘rta maktabida sodir bo‘lgan. Noma’lum shaxslar 215 nafar o‘quvchi va 12 nafar o‘qituvchini o‘g‘irlab ketgan.

Niger shtati politsiyasi ma’lumotiga ko‘ra, hodisa ertalab sodir bo‘lgan. Voqea joyiga harbiylar va xavfsizlik kuchlari yuborilgan. Shtat hokimiyati esa mahalliy muassasalarga xavf darajasi oshgani haqida razvedka ogohlantirishlari yuborilganini ma’lum qilgan.

“Avliyo Mariya maktabi o‘quv jarayonini qayta boshlagan bo‘lsa-da, shtat hukumatini xabardor qilmagan va uning ruxsatini so‘ramagan. Bu esa o‘quvchilar va xodimlarni xavf ostida qoldirdi”, deyiladi shtat hukumati bayonotida.

Mahalliy aholining aytishicha, hujum vaqtida maktabda politsiya ham, hukumatga qarashli qo‘riqlash kuchlari ham xavfsizlikni ta’minlamagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sudanning El-Fashir shahridagi tug‘uruqxonaga qilingan hujumda 460 dan ortiq bemor va ularning hamrohlari otib o‘ldirilgandi. Bu voqea harbiylar safiga qo‘shilgan isyonchilar tomonidan 2000 dan ortiq tinch aholining o‘ldirilganidan so‘ng sodir bo‘lgan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ushbu tug‘uruqxona “bir oy ichida to‘rtinchi marta hujumga uchragani, bitta hamshira halok bo‘lgani va uch tibbiyot xodimi yaralanganini” ma’lum qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

o'quvchi Niger Nigeriya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing