Nigeriyada o‘g‘irlab ketilgan 100 nafar o‘quvchi qiz ozod qilindi

Olam

image

Nigeriyada jangarilar tomonidan o‘g‘irlab ketilgan katolik maktab-internatining 100 nafar o‘quvchi qizi ozod qilindi va ular Nigeriya hukumatiga topshirilishi kutilmoqda. Bu haqda “Channels Television” mahalliy telekanali xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, bugun, 8 dekabr kuni 100 nafar bola Nigeriya poytaxti Abuja shahriga yetib kelgan. Qizlar jangarilar asirligidan qay tartibda ozod etilgani hozircha noma’lum.

“Maktab jamoasi bilan birga ibodat qildik va ularning qaytishini kutdik. Ammo bizda rasmiy ma’lumot yo‘q, federal hukumatdan ham hali hech qanday bildirishnoma olganimiz yo‘q”, dedi maktab vakili Daniel Atori.

Nigeriyaning shimoli-g‘arbiy va markaziy hududlarida bir necha yillardan beri qurolli to‘dalar odamlarni to‘lov evaziga o‘g‘irlab kelmoqda. Bu hujumlar oqibatida minglab odamlar halok bo‘lgan. Jangarilar asosan bir nechta shtatlarni qamrab olgan keng o‘rmonli hududlarda yashirinishadi.

Nigeriyadagi eng shov-shuvli voqealardan biri 2014 yil aprel oyida sodir bo‘lgan “Boko Haram” terrorchilik guruhi Chibok shahridagi o‘rta maktabdan 276 nafar o‘quvchi qizni o‘g‘irlab ketgani edi. Keyinchalik ularning ko‘pchiligi terrorchilardan qochishga muvaffaq bo‘lgan yoki muzokaralar orqali ozod etilgan. Xalqaro Amnistiya ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil holatida o‘sha qizlarning 82 nafari hali ham bedarak yo‘qolgan.

Eslatib o‘tamiz, 22 noyabr kuni Nigeriyadagi Papiri shahrida joylashgan maktab-internatidan 303 nafar o‘quvchi va 12 nafar o‘qituvchi o‘g‘irlab ketilgani haqida xabar berilgandi. Keyinchalik asirlarning 50 nafari qochishga muvaffaq bo‘lgandi.


Maqola muallifi

Teglar

maktab-internat Nigeriya Qizlar Jangari

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing