O‘g‘irlangan o‘quvchi qizlar qutqarildi
Olam
−
26 noyabr 5891 2 daqiqa
Joriy yilning 17 noyabrida qurolli shaxslar tomonidan Nigeriyaning shimoli-g‘arbidagi maktab-internatidan o‘g‘irlangan 24 o‘quvchi qiz qutqarildi. Bu haqda Nigeriya Prezidenti Bola Tinubu ma’lum qildi.
“Barcha 24 qiz topilgani meni xursand qildi. Endi biz zaif hududlarda qo‘shimcha choralarni tezkor ko‘rishimiz kerak, shunda kelajakda bunday o‘g‘irlanishlar oldi olinadi”, degan mamlakat rahbari.
Qayd etish joiz, hujum 17 noyabr kuni ertalab soat to‘rtlarda sodir bo‘lgan, bu paytda o‘quvchilar hali uxlayotgan edi. Qurolli shaxslar maktabning to‘sig‘idan oshib, binoga kirgan va bolalarni yaqin atrofdagi o‘rmon tomon olib ketgan. Qarshilik ko‘rsatgan maktab direktorining o‘rinbosari o‘q uzilishi oqibatida halok bo‘lgan, bir o‘qituvchi jarohatlangan.
So‘nggi haftalarda Nigeriyada qurolli guruhlar diniy va ta’lim muassasalariga bir necha bor hujum qilgan. 19 noyabrda noma’lum shaxslar Eruku shahridagi cherkovga hujum qilib, pastorni o‘g‘irlagan va kamida ikki kishi halok bo‘lgan. 21 noyabrda esa Muqaddas Mariya katolik maktabidan 50 dan ortiq bola o‘g‘irlangan. Keyingi kun – 22 noyabrda Nigeriyaning g‘arbida jangarilar Muqaddas Mariya katolik maktabidan 300 dan ortiq o‘quvchi va 12 o‘qituvchini olib ketgan.
Eslatib o‘tamiz, Nigeriyada o‘tgan hafta katolik maktabidan o‘g‘irlab ketilgan 300 dan ortiq o‘quvchidan 50 nafari qochib qutulib, ota-onalari yoniga qaytgandi.
Live
Barchasi