Noma’lum uchuvchi jismlar haqidagi eng yirik arxiv g‘oyib bo‘ldi

Olam

image

Joriy yilning 20 fevral kuni AQSHda noma’lum uchuvchi jismlar haqidagi maxfiylikdan chiqarilgan hujjatlar jamlangan eng yirik internet-arxiv – “The Black Vault” yo‘q qilingan. Ushbu voqea AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘zga sayyoralik haqidagi barcha hujjatlarni e’lon qilish bo‘yicha farmoyish berganidan bir kun o‘tib sodir bo‘lgan. Bu haqda 23 fevral kuni “The Daily Mail” gazetasi sayt rahbari va tadqiqotchi kichik Jon Grinvaldga tayanib xabar berdi.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, 20 fevral kuni noma’lum shaxs tomonidan “The Black Vault”ning asosiy serveridan Grinvald qariyb 30 yil davomida to‘plab, e’lon qilib kelgan 3,8 milliondan ortiq fayl o‘chirib tashlangan. Gazeta keltirgan so‘zlarga ko‘ra, Grinvald hodisa diversiya bo‘lganiga to‘liq ishonch hosil qilmagan, biroq bunday ehtimolni ham inkor etmagan. U ayrim hujjatlarga kirish huquqlari ham o‘zgartirilganini bildirgan. Nashrning qayd etishicha, Grinvald arxivni zaxira nusxalari yordamida tiklashni rejalashtirmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, 19 fevral kuni AQSH Prezidenti Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida hukumat o‘zga sayyoraliklar va noma’lum uchuvchi jismlarga oid hujjatlarni e’lon qilishini ma’lum qilgan edi. U jamoatchilikdagi katta qiziqishni inobatga olib, AQSH Mudofaa vaziri Pit Hegset hamda barcha tegishli vazirlik va idoralarga o‘zga sayyoralik va yerga oid bo‘lmagan hayot shakllari, noma’lum anomal hodisalar va noma’lum uchuvchi ob’ektlarga taalluqli hukumat hujjatlarini aniqlash va e’lon qilish jarayonini boshlashni topshirish niyatida ekanini bildirgan. Shuningdek, u “nihoyatda murakkab, biroq o‘ta qiziqarli va muhim mavzu”ga oid boshqa har qanday ma’lumotlar ham oshkor etilishini qayd etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Donal'd Tramp o'zga sayyoraliklar Noma'lum uchuvchi jismlar The Black Vault

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing