Norozi tadbirkorlar, qulagan ko‘prik, muammoli 7 kunlik — Hafta tahlili
Tahlil
−
15 mart 2045 9 daqiqa
Toshkentda 100 yil xizmat qilishi aytilgan ko‘prik ikki yilga ham yetib bormay o‘pirilib tushdi. To‘g‘ri, hozircha buning sababini aynan korrupsiya deya olmaymiz. Chunki rasmiy izohlarda sabablar o‘rganilmoqda deya izoh berilyapti. Ammo yaroqlilik muddatiga berilgan va’da va haqiqiy hayotdagi holati istalgan odamda shubha uyg‘otadigan darajada. 128 mlrd so‘m sarflangan bu yo‘l o‘tkazgichining bir qismi qulashi haqidagi xabarlar ostida fuqarolar tomonidan yozilgan izohlarning juda katta qismi korrupsiya, pullarni yeb yuborish, mas’uliyatsizlik haqida. Sergelidagi yana bir buzilgan ko‘prik ikki oygacha ta’mirlanmagani ortidan bir o‘quvchi kanalga tushib ketgani, boshqa yosh bolalar hayotini xavfga qo‘yib, quvur ustidan yurishga majbur bo‘lgani aks etgan videolar tarqaldi. Juda ko‘pchilikning e’tiroziga sabab bo‘lgan holat, hatto prezident darajasida muhokama qilindi, mas’ullar tanqid ostiga olindi. Shu va boshqa mavzular tahlili bilan QALAMPIR.UZ studiyasida hafta tahlili.
12 mart kuni Toshkent shahridagi Temur Malik va Buyuk Ipak yo‘li ko‘chalari kesishmasi atrofidagi yangi tunnel yo‘lida tirgak devorning bir qismi o‘pirilib tushdi. Ushbu yo‘l o‘tkazgich 2024 yilning avgust oyida ochilgan edi. O‘shanda Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi raisi Jamshid Tursunov bu yo‘l o‘tkazgich mamlakat tarixida birinchi marotaba yig‘ma temir konstruksiyalaridan qurilganini alohida ta’kidlagandi. Uning an’anaviy beton va monolitga nisbatan afzalligi sifatida u 2,5−3 baravar yengil, 30 foizga arzon, foydalanish xarajatlari 4−5 baravar kam hamda xizmat muddati 100−120 yilni tashkil etishini ham aytgan. Ammo… ha mayli. Toshkent shahar hokimligi hodisa yuzasidan bergan dastlabki rasmiy ma’lumot esa ko‘plab kesatiqli izohlarga sabab bo‘ldi. Ular bu falokatga yomg‘ir sabab bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishdi.
“Hozirda kompleksda texnik tekshiruv o‘tkazilmoqda. Tekshiruv yakunlanmaguncha, uzil-kesil xulosa chiqarishga hali erta. Dastlabki taxminlar qatorida so‘nggi kunlardagi kuchli yog‘ingarchilik ta’siri, jumladan, tuproqning haddan tashqari namlanishi va konstruksiyaga tushadigan yuklamaning ortishi kabi omillar ko‘rib chiqilmoqda. Shu bilan birga, loyihaviy yechimlar, qurilish-montaj ishlari sifati, drenaj tizimining holati, qurilish nazorati hamda ob’ektni qabul qilib olish tartibi kabi barcha tegishli holatlar ham tekshirilmoqda”, deyiladi hokimlik xabarida.
Sardoba suv ombori yorilganida, kemiruvchilar ayblanganini ko‘rgan odamlarmiz. Shu sabab, yomg‘irning pesh qilinishini favqulodda holat sifatida ko‘rmasak-da, ayrim savollar bor! 100 yil xizmat qiladi deb nimaga ishonib aytilgan? Nima, quruvchilar 1 asr davomida umuman yog‘ingarchilik bo‘lmaydi deb aniq ishonishganmi? Yana ham bir necha kun to‘xtovsiz sel yo jala quymadi. Xullas, savollar bor. Voqea joyiga shaxsan Toshkent shahar hokimi Shavkat Umirzoqov borgani, ta’mirlash ishlari olib borilayotgani haqida hokimlik matbuot xizmati videolarni e’lon qildi. Aynan o‘sha tasvirlarda yana savollarni keltirib chiqargan kadrlar bor. Dron orqali olingan tasvirlarda yo‘lning o‘pirilib tushgan tomoni va uning qarshisidagi yo‘llarda ham asfalt rangi ikki xil. Aniqrog‘i, ma’lum qismi yaqin orada qayta asfalt qilinganini anglash mumkin. Bu esa “aynan o‘sha yerlarda avvalroq yoriqlar paydo bo‘lganmikin?” degan savollarni keltirib chiqaradi. Xo‘sh, unda nega ehtimollar hisobga olinmagan? Xavfsizlik chorasi ko‘rilmagan? Hozirda bir nima deya olmaymiz.
Mas’uliyat juda muhim narsa ekanligini aytmasak ham yaxshi bilasiz. Kimdir qaysidir lavozimga qo‘yilishi bu shunchaki tugmani bosib “falonchixon choy”, deb o‘tirishi yoki qarindoshlarini hammasini ishli qilishi kerak degani emas! Mas’uliyat qaysidir fuqaro “buzilgan ko‘prik sabab bir yosh bola kanalga tushib ketdi”, deb murojaat qilganida, darhol boshqalar ham shu holatga tushmaslik uchun chora ko‘rilishida namoyon bo‘ladi. Ammo Sergeli tumanidagi ayrim mutasaddilar o‘z ishiga befarqligi tufayli o‘quvchilarning hayoti xavf ostida qoldi.
Sergeli tumanidagi “Junariq” kanali oqib o‘tgan hududda ko‘prik buzib tashlangani uchun o‘quvchi yosh bolalar hayotini xavf ostiga qo‘yib, quvurlar ustidan yurib o‘tayotgani aks etgan videolar tarqaldi. Ijtimoiy tarmoqlarda shov-shuv bo‘lgan, haqli e’tirozlarni keltirib chiqargan ushbu holat davlat rahbari raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham e’tibordan chetda qolmadi.
Prezident ko‘prik masalasida yanvar oyida murojaat qilinsa-da, ikki oy davomida mazkur murojaatga birorta mas’ul e’tibor qaratmasdan, yuzaki javob berganini tanqid qildi. Holat ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalganidan keyingina ko‘prikni tiklash uchun mablag‘ ajratilib, qurilish ishlari amalga oshirilgani aytildi. Shuningdek, bunday holatlar fuqarolar murojaatlari bilan ishlash tizimidagi jiddiy kamchilik sifatida baholanib, murojaatlarga befarq munosabat fuqarolarning davlat idoralariga bo‘lgan ishonchiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi ta’kidlandi.
Endi esa bu yetti kunlikda muhokama qilingan yana bir mavzuga o‘tamiz. Toshkent shahrida do‘konli avtobus bekatlari buzilishi boshlandi. Buning natijasida esa tadbirkorlar tomonidan e’tirozlar bildirilgan videolar tarqaldi.
Holat yuzasidan muhokamalar avjiga chiqqach, Ekologiya qo‘mitasi raisining maslahatchisi Rasul Kusherboyev Toshkent shahar hokimi Shavkat Umirzoqov faoliyatiga e’tiroz bildirdi. “Eng yomon hokim sifatida tarixda qolasiz”, dedi u. Kusherboyevning aytishicha, poytaxtda ekologiyaga ziyon yetkazish, tadbirkorlar faoliyatiga to‘sqinlik qilish kabi qonunga zid harakatlar sodir etilmoqda. Xususiy mulk daxlsizligi ta’minlanmayapti.
E’tirozli vaziyat yuzasidan tadbirkorlar, jamoatchilik faollari va fuqarolarda savollar ko‘paygach, 12 mart kuni Yo‘l harakatini tashkil etish markazi bo‘lim boshlig‘i Olloyor Norbo‘tayev rasmiy izoh berdi.
Yo‘llardagi harakatlanish bizning jamiyatdagi eng og‘riqli nuqtalardan biri. Piyoda bo‘lsangiz, ayrim haydovchilar telbadek ko‘rinadi ko‘zga. Va aksincha, ulovda bo‘lsangiz, ba’zi bir piyodalarning harakatini ko‘rib, “erinmay ularga birinchi sinfdan hamma narsani qayta o‘qitish kerak” deb yuborasiz. Qoidalarni mensimay qasddan buzishni faxr deb biladiganlardanku, zerikdi odam.
“Prava”siz mashina haydab YPX xodimining o‘limiga, 3 bolani yetim, 1 ayolni beva bo‘lishiga sabab bo‘lgan o‘smirning holati ham ayrimlarni o‘zini yig‘ishtirib olishiga turtki bo‘lolmayapti. Aynan mana shu ko‘ngilsiz holatdan so‘ng reydlar soni oshdi. Javobgarlikka tortishda “bu falonchiyevlardan” deb hayiqish kamaygani jamoatchilik faollari tomonidan aytilmoqda. Ammo baribir yosh bolasiga kalit tutib, qoidalarni buzishiga o‘zi yordam berayotgan ota-onalar ham yo‘q emas. Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanida voyaga yetmagan o‘g‘illarining yuqori tezlikda mashina haydashiga yo‘l qo‘ygan ota 5 sutkaga qamaldi.
Mahalla aholisining e’tiroziga ko‘ra, fuqaro Nozim Azizovning Hasan va Husan ismli 13 yoshli voyaga yetmagan o‘g‘illari mahalla ko‘chasida avtomashinani juda yuqori tezlikda haydagan. Bu esa mahallada o‘ynayotgan bolalar va yurib turgan keksalar uchun jiddiy xavf tug‘dirgan hamda qo‘shnilar noroziligiga sabab bo‘lgan.
Ma’lum bo‘lishicha, bolalar ota-onasi va qarindoshlariga tegishli mashinalarni olib, mahalla ichida bemalol haydab yurgan. Ular tor ko‘chalarda ham, katta ko‘chada ham juda yuqori tezlikda harakatlangan. Mahalla fuqarolaridan biri bu holat yuzasidan bir necha bor ogohlantirish berganini, hatto mahalla komissiyasiga ham murojaat qilganini aytdi.
7 mart kuni soat 21:00 atrofida qo‘shni fuqaro ushbu masalani tinch yo‘l bilan muhokama qilish va bolalarga tanbeh berishni so‘rash maqsadida Azizovning uyi oldiga borgan. Biroq, farzandlarini to‘xtatish o‘rniga ota ularni himoya qilishni tanlagan. Guvohlarning aytishicha, u qo‘shni ayolni haqorat qilib, baland ovozda baqirgan va mahalla aholisining tinchligini buzgan.
“Bunday munosabat ko‘pincha o‘smirlar uchun ‘bizga hamma narsa mumki”, degan signalga aylanadi. Agar kattalar qonunbuzarlikka ko‘z yumsa, bolalarning xatti-harakatlarini oqlasalar yoki ularni tanqiddan himoya qilsalar, o‘smirlarda jazosizlik hissi shakllanadi. Afsuski, so‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda shunday holatlar kuzatilmoqda. Voyaga yetmaganlar mashina boshqarib, yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzmoqdalar. Ayrim ota-onalar esa bunday qonunbuzarliklarga befarq qaramoqdalar. Biroq, bu kabi holatlar oqibatsiz qolmaydi”, deyiladi IIV xabarida.
Joriy yilning 8 mart kunidagi sud qaroriga ko‘ra, 1981 yilda tug‘ilgan fuqaro Nozim Azizovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 183-moddasi (Mayda bezorilik) bilan besh sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. Voyaga yetmaganlar tomonidan boshqarilgan transport vositasi esa jarima maydoniga joylashtirilgan.
Hurmatli ota-onalar. Allaqachon xulosa qilish vaqti keldi. Mashina bu ijtimoiy status emas, kundalik foydalanish mumkin bo‘lgan matoh, xolos. Siz bugun yaqinlaringizga maqtanish uchun kalitlarni bemalol tutayotgan farzandingiz qo‘liga ertaga kishan taqilishi mumkin. Va bunda aybdor faqat o‘zingiz bo‘lasiz.
Eng yaxshi tajriba bu boshqalarning xatosini takrorlamaslik ekanini motivatsion nutqlarda ko‘p bora eshitgansiz. Ammo bundan kerakli xulosani chiqarish ham farosatning ishi. Xullas, Toshkent shahrining Sergeli tumanida “Gelik” mashinasida soatiga 200 kmdan ortiqroq tezlikda harakatlangan va buni maqtanish uchun erinmay videoga olib, montaj qilib instagramga joylagan shaxslarga chora ko‘rildi.
Qoidabuzarlar Mercedes-Benz rusumli transport vositasiga noqonuniy ravishda “migalka” moslamalarini o‘rnatib, bir holatda 210, yana bir holatda soatiga 222 kmdan oshiqroq tezlikda harakatlangan. Yo‘l va jamiyatda yurish-turish qoidalarini qo‘pol ravishda buzgan yigitlar bilan profilaktik suhbat olib borilgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudining qarori bilan qonunbuzarlarning har ikkisiga nisbatan 15 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan. Avtomashina esa vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga qo‘yilgan.
Jinoyatlar mavzusi ochilganida, bu yetti kunlikda tafsilotlari ma’lum qilingan “qora ishlar”ga to‘xtalamiz.
Bekobodda 11-sinf o‘quvchisi pichoqlab o‘ldirildi. Joriy yilning 5 mart kuni Bekobod shahrida bir necha voyaga yetmagan shaxslar o‘rtasida og‘zaki janjal kelib chiqqan. Mojaro davomida ulardan biri oshxona pichog‘i bilan jabrlanuvchining o‘ng va chap ko‘krak qismlariga jarohat yetkazgan. Jabrlanuvchi tibbiyot muassasasiga olib borilgan bo‘lsa-da, ko‘rsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan vafot etgan. Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 97-moddasi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Jabrlanuvchiga pichoq bilan tan jarohati yetkazishda gumonlanayotgan voyaga yetmagan shaxs protsessual tartibda ushlangan.
E’tibor bergan bo‘lsangiz kerak. Oxirgi paytlarda mana shunday pichoqbozliklar voyaga yetmaganlar o‘rtasida ko‘payib ketyapti. Hech kimni o‘zaro janjalga targ‘ib qilmoqchi emasmiz. Ammo kattalar doim ta’kidlagan bir gapni aytishni joiz ko‘rdik. “Avvalo, hech kim bilan mushtlashma. Lekin vaziyat shu ishgacha borsa, erkak bo‘l. Yotganni tepma, urma. Qo‘lingga pichoq u yoqda tursin, tosh ham olma. Qarshingdagi dushman bo‘lsa ham hurmat qil. Yutqazsang tan ol. Yutsang xo‘rlama”, deyishardi ular. Ammo bugunning yoshlari og‘zaki hal qilish mumkin bo‘lgan oddiy masalalarda ham to‘dalashib urishishlari, qo‘llarida taqiqlangan turli sovuq qurollar bo‘lishi odatga aylandi.
Ichki ishlar vazirligi e’lon qilgan statistika ham to‘dalashish harakati borligini isbotlaydi. O‘zbekistonda 2026 yilning yanvar-fevral oylarida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida o‘tkazilgan 6025 ta maxsus tezkor tadbir davomida 45 ta jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Tadbirlarda noqonuniy qurol saqlash bilan bog‘liq 315 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, natijada 4570 ta sovuq qurol fuqarolardan olingan. Ular orasida 50 ta bita, 72 ta kastet, 4004 ta o‘tkir tig‘li jism va 444 ta boshqa turdagi qurollar bor. Bundan tashqari, daliliy ashyo sifatida 5814 dona o‘q-dori va 3 kilogramm 715 gramm portlovchi modda musodara qilingan. Ijtimoiy tarmoqlarda salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi, yoshlar va aholi orasida buzg‘unchi yot g‘oyalar hamda jinoyat olami qarashlarini targ‘ib qilgan 47 ta akkaunt bloklangan. Qolaversa, 116 ta tovlamachilik, 86 ta qimorxona tashkil etish, 40 ta odam savdosi, shuningdek, 790 ta fohishaxona saqlash kabi jinoyat holatlari aniqlangan. Shuningdek, qidiruvda bo‘lgan 533 nafar shaxs ushlanib, ularga nisbatan jazo muqarrarligi ta’minlangan. Yanvar-fevral oylarida jami 3150 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, 2934 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan, 980 nafariga nisbatan esa qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.