Farg‘ona aeroportida yangi yo‘lovchi terminali quriladi

Jamiyat

image

Bugun, 28 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatiga tashrifi doirasida Farg‘ona xalqaro aeroportini rivojlantirish konsepsiyasi taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Farg‘ona aeroportidagi terminal o‘ttiz yildan ortiq vaqt davomida faoliyat yuritib kelmoqda. Uning o‘tkazuvchanlik quvvati, yo‘lovchilarga qulaylik darajasi, shuningdek aviatsiya va noaviatsiya xizmatlarini rivojlantirish imkoniyatlari zamonaviy talablarga to‘liq javob bermay qolgan.

Shu bois parvozlar geografiyasini kengaytirish, hududning o‘sib borayotgan iqtisodiy faolligi va sayyohlar oqimiga mos ravishda xizmat ko‘rsatishni ta’minlash maqsadida aeroport infratuzilmasini kompleks rivojlantirish rejalashtirilgan.

Taqdimotda uchish-qo‘nish yo‘lagini uzaytirish va kengaytirish, aerodrom infratuzilmasini modernizatsiya qilish, yangi yo‘lovchi va yuk terminallarini barpo etish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Maydoni 20 ming kvadrat metr bo‘lishi kutilayotgan yangi yo‘lovchi terminali hozirgi imkoniyatlarga nisbatan ikki baravar ko‘p – 1,2 ming nafargacha yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, qo‘shimcha samolyot turargohlari barpo etilib, havo kemalarini saqlash imkoniyati 10 tagacha yetkaziladi.

Yangi terminalda keng kutish zallari, zamonaviy servis nuqtalari, qulay ro‘yxatdan o‘tish va nazorat tizimlari, shuningdek, yuqori martabali mehmonlar uchun alohida xizmat ko‘rsatish sharoitlari yaratilishi ko‘zda tutilgan.

Davlat rahbari aeroport har qanday hududning “darvozasi” ekanini ta’kidlab, bu yerda zamonaviy servisni yo‘lga qo‘yish, transport va xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq yondosh tarmoqlarni rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar bergan.

Loyihalash, qurilish va yangi terminalni keyinchalik boshqarishni xalqaro standartlar asosida, tegishli tajribaga ega xorijiy operatorlarni jalb qilgan holda amalga oshirish muhimligi ta’kidlangan.

Ushbu loyihaning amalga oshirilishi Farg‘ona vodiysida transport bog‘liqligini kuchaytirish, sayyohlar oqimini oshirish va hududning logistik markaz sifatidagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qilishi aytilgan.

Shu bilan Prezidentning Farg‘ona viloyatiga tashrifi yakunlanib, davlat rahbari Toshkentga qaytgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona shahridagi IT-park majmuasida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishgandi. Shuningdek, davlat rahbari Farg‘ona viloyati futbol assotsiatsiyasiga qarashli futbol markazi va “Neftchi” bolalar futbol akademiyasida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident Shavkat Mirziyoev kontseptsiya Farg'ona viloyati xalqaro aeroport

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing