Ohangaron shahri hokimi ishdan olindi

Jamiyat

image

Bugun, 1 noyabr kuni Ohangaron shahrida bo‘lib o‘tgan Xalq deputatlari shahar kengashining navbatdan tashqari sessiyasida shahar hokimi ishdan olindi. Bu haqda Toshkent viloyati hokimligi xabar berdi.

Qayd etilishicha, sessiyada viloyat hokimi Zoyir Mirzayev o‘tgan qariyb ikki yil mabaynida shaharni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi maqsad va vazifalarning ijrosi yuzasidan tanqidiy-tahliliy ma’ruza qilgan. Sessiyada tashkiliy masala ko‘rilgan va shahar hokimi lavozimida ishlab kelgan Muzaffar Erkaboyevich Rajabboyev ishda yo‘l qo‘ygan xato va kamchiliklari uchun lavozimidan ozod etilgan. U 2024 yilning 26 fevral kuni ushbu lavozimga tayinlangandi.

Zoyir Mirzayev Ohangaron shahar hokimi lavozimiga Ohangaron tumani hokimining qurilish, to‘siqlarsiz muhit yaratish, kommunikatsiyalarni rivojlantirish, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari vazifasida ishlab kelgan Sadriddin Shoqosimov nomzodini tavsiya qilgan.

Xalq deputatlari Ohangaron shahar kengashi uni shahar hokimi etib tasdiqlagan.

Ma’lumot o‘rnida, Muzaffar Rajabboyev 1984 yilda Parkent tumanida tug‘ilgan. Ma’lumoti – oliy. 2007 yil Toshkent irrigatsiya va melioratsiya instituti, 2014 yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, 2019 yilda Xitoy Xalq Respublikasi xalqaro biznes va iqtisodiyot universitetida magistraturani tamomlagan.

U Qibray tumani IIB Yong‘in xavfsizligi xizmatida mehnat faoliyatini boshlagan. Shuningdek, Yuqori Chirchiq, Parkent tumani hokimliklarida mas’ul vazifalarda ishlagan. U hokim bo‘lishiga qadar O‘zbekiston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligida bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Navoiy viloyatining Karmana tumaniga hamda Andijon viloyatining Xonobod shahriga yangi hokimlar tayinlangandi.


Maqola muallifi

Teglar

Zoyir Mirzaev Ohangaron shahri Muzaffar Rajabboev Sadriddin Shoqosimov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing