Oq uy Kongressga Eron bilan urush tugaganini bildirdi
Olam
−
02 may 3832 2 daqiqa
Kecha, 1 may kuni Oq uyning Kongressga yo‘llagan maktubida AQSH va Eron o‘rtasidagi harbiy harakatlar “tugaganini” ma’lum qildi, garchi mintaqada AQSH qurolli kuchlari hali ham mavjud bo‘lsa-da. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
AQSH Prezidenti Donald Trampning bu bayonoti Kongress a’zolari tomonidan Eron bilan urushni davom ettirish uchun ruxsat olish bo‘yicha 1 may sanasidagi huquqiy muddatni amalda chetlab o‘tadi.
Bu muddat respublikachi qonunchilar hech qanday chora ko‘rmasdan o‘tib ketishi kutilayotgan edi, chunki ular qarorni Prezidentga qoldirgan.
Maktub Trampning urush bo‘yicha Prezident vakolatlarini keng talqin qilayotgani va bu qaror qonuniy jihatdan bahsli ekanini yana bir bor ko‘rsatdi. U bu urushni ikki oy oldin Kongress ruxsatisiz boshlagan edi.
Tramp “2026 yil 28 fevralda boshlangan harbiy harakatlar yakunlandi”, deb yozgan Vakillar palatasi spikeri Mayk Jonson va Senat prezidenti Chak Grassliga yo‘llagan maktubida.
Donald Tramp qonunchilarga yo‘llagan maktubida Tehron bilan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi ushbu muddatni amalda to‘xtatishini ta’kidlagan. U joriy yilning 7 aprelidan beri AQSH va Eron o‘rtasida hech qanday otishma bo‘lmaganini yozib, sulh muddatsiz ravishda uzaytirilganini qayd etgan.
Shunga qaramay, u urush butunlay tugamagan bo‘lishi mumkinligini ham ta’kidlagan:
“Eron rejimiga qarshi AQSH operatsiyalaridagi muvaffaqiyat va barqaror tinchlik o‘rnatish bo‘yicha harakatlarga qaramay, Eronning AQSH va harbiy kuchlarimizga tahdidi hanuz jiddiy saqlanib qolmoqda,” degan Tramp.
1973 yilgi “harbiy vakolatlar to‘g‘risidagi rezolyutsiya”ga ko‘ra, AQSH Prezidenti harbiy harakatlarni faqat 60 kun davomida olib borishi mumkin. Shundan so‘ng u harakatlarni to‘xtatishi yoki “yaqinlashib kelayotgan harbiy zarurat” holatida Kongressdan 30 kunlik uzaytirish so‘rashi kerak bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH prezidenti Donald Tramp Eronning Pokiston orqali yuborilgan urushni tugatish bo‘yicha so‘nggi tinchlik taklifidan qoniqmaganini bildirgandi.
Live
Barchasi