Eron AQSHga yangi taklif yubordi

Olam

image

Eron AQSHga Hormuz bo‘g‘ozini kemalar harakati uchun ochish va urushni yakunlash bo‘yicha yangi taklif yubordi. Bu haqda o‘z manbalariga tayanib, “Axios” xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu taklif Pokiston vositachilari orqali yetkazilgan. Unda uzoq muddatli o‘t ochishni to‘xtatish rejimini uzaytirish yoki urushni to‘liq tugatish bo‘yicha kelishuv tuzish nazarda tutilgan. Shu bilan birga, Eron yadro dasturi bo‘yicha muzokaralarni keyinroq muddatga qoldirishni taklif qilgan.

Xabarda aytilishicha, AQSH tomoni taklifni qabul qilib olgan, biroq unga qanday javob berilishi hozircha noma’lum.

Bugun, 27 aprel kuni Donald Tramp Oq uyda Eron masalasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazishi kutilmoqda. Unda muzokaralardagi boshi berk ko‘cha va Vashingtonning keyingi qadamlari muhokama qilinadi.

Manbalarga ko‘ra, Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi Islomoboddagi uchrashuvlarda yadro dasturi mavzusini vaqtincha chetlab o‘tish masalasini ko‘targan. U vositachilar – Pokiston, Misr, Turkiya va Qatarga Eron rahbariyati ichida AQSH talablariga qanday javob berish borasida yakdil fikr yo‘qligini bildirgan.

AQSH esa o‘z navbatida Erondan uran boyitishni to‘xtatish va mavjud zaxiralarni mamlakatdan olib chiqishni talab qilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp o‘zining maxsus vakili Stiv Uitkoff va kuyovi Jared Kushnerning Pokistonga safarini bekor qilishga qaror qilgani haqida xabar berilgan edi. Shu sababli Eron Tashqi ishlar vaziri Abbos Aroqchi AQSH delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazmasdan Pokistonni tark etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Eron Donal'd Tramp Oq uy Hormuz bo'g'ozi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing