Olimlar uzoq umr ko‘rishning yangi sirini ochdi
Salomatlik
−
13 may 6794 2 daqiqa
Insonlarning uzoq umr ko‘rishiga ona va bola o‘rtasidagi kuchli va uzoq davom etadigan bog‘liqlik ham ta’sir qilishi mumkin. Bu haqda neyrobiolog Mettyu Zippl boshchiligidagi tadqiqotchilarning maqolasida keltirilgan.
Olimlar noodatiy darajada uzoq umr ko‘radigan hayvonlar – primatlar, kitlar, sirtlonlar va fillarni o‘rgandi. Ushbu turlarning barchasini birlashtirib turadigan jihat shuki, ularning bolalari uzoq vaqt davomida ona parvarishi ostida bo‘ladi.
Tadqiqotchilar kuzatuv ma’lumotlari asosida matematik modellar tuzib, agar bolalarning yashab qolishi onaga kuchli bog‘liq bo‘lsa, tabiat eng foydali belgilarni saqlab qolish orqali onalarning uzoqroq umr ko‘rishini qo‘llab-quvvatlashi mumkin degan xulosaga keldi.
“Insonlarning boshqa ko‘plab sutemizuvchilarga qaraganda uzoq yashashining sabablaridan biri hayotimizning asosiy xususiyati – ona va bola o‘rtasidagi bog‘liqlik bo‘lishi mumkin”, degan Mettyu Zippl.
Ko‘pchilik sutemizuvchilarda umr davomiyligi taxminan tana hajmi bilan bog‘liq bo‘ladi. Biroq ayrim turlar o‘xshash vazndagi boshqa hayvonlarga qaraganda ancha uzoq yashaydi. Bular qatoriga insonlar, ayrim primatlar, sirtlonlar, kitlarning ayrim turlari va fillar kiradi. Shu bilan birga, bunday hayvonlar odatda ijtimoiy guruhlarda yashaydi va bir-biriga faol yordam beradi.
Yangi tadqiqot mualliflari aynan onalarning roliga e’tibor qaratishga qaror qildi. Ular ona o‘limi bolalarning yashab qolishi va keyinchalik o‘z avlodini voyaga yetkazish imkoniyatiga qanday ta’sir qilishini tahlil qildi.
Barcha modellar bir xil qonuniyatni ko‘rsatdi: nasllar ona g‘amxo‘rligiga qanchalik kuchli bog‘liq bo‘lsa, uzoq umr va sekin ko‘payishning evolyutsion shakllanish ehtimoli shunchalik yuqori bo‘ladi.
Masalan, ona juda erta vafot etsa, bu avlod salomatligini yomonlashtirishi va uning keyinchalik o‘z bolalariga g‘amxo‘rlik qilish qobiliyatini pasaytirishi mumkin. Bunday ta’sir avloddan avlodga o‘tishi ehtimoli bor.
“Ona omon qolishi bilan avlod muvaffaqiyati o‘rtasidagi bog‘liqlik kuchayganini ko‘rsak, bir vaqtning o‘zida uzoq umr va kamroq ko‘payish evolyutsiyasini ham kuzatamiz. Aynan shunday holatni insonlarda ko‘rish mumkin”, deya tushuntirgan tadqiqotchi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Isroildagi Ben-Gurion universiteti olimlari biologik qarishni sekinlashtira oladigan immun tizimi hujayralarini aniqlagandi.
Live
Barchasi