Qaysi jins vakillarining miyasi tezroq qarishi aniqlandi
Bu qiziq
−
05 noyabr 12643 2 daqiqa
Norvegiyaning Oslo universiteti olimlari erkaklarning miyasi ayollarnikiga qaraganda ertaroq qarishini aniqladi. Bu haqdagi tadqiqot “Proceedings of the National Academy of Sciences” (PNAS) jurnalida e’lon qilindi.
Tadqiqotchilar 17 yoshdan 95 yoshgacha bo‘lgan 4 726 nafar sog‘lom odamning 12 638 ta MRT tasvirlarini tahlil qilgan. Har bir ishtirokchi kamida ikki marta, taxminan uch yillik farq bilan tekshiruvdan o‘tgan. Bu esa miya o‘zgarishlarini vaqt davomida solishtirish imkonini bergan.
Mutaxassislar bosh miya po‘stlog‘ining qalinligi va yuzasi, shuningdek, oq va kulrang moddalar hajmini o‘lchagan. Ma’lum bo‘lishicha, erkaklarda miya hajmining kamayishi va po‘stloqning yupqalashishi biroz tezroq sodir bo‘lgan, ayniqsa ko‘rish va xotira bilan bog‘liq hududlarda. Ayollarda esa faqat chakka bo‘lagining kichik bir qismida yosh ulg‘ayish belgisi kuzatilgan. Shunga qaramay, farqlar juda kichik, masalan po‘stloq qalinligining kamayish tezligi yiliga atigi o‘ndan bir foizga farq qilgan.
Shuningdek, olimlar yosh va umr davomiyligi natijalarga qanday ta’sir qilishini ham tekshirgan. Ayollarning o‘rtacha uzoq umr ko‘rishi inobatga olinganidan so‘ng, jinslar o‘rtasidagi farqlar deyarli yo‘qolgan. Bu esa miyaning tabiiy qarishi ayollarda Alsgeymer kasalligi ko‘proq uchrashining sababi emasligini ko‘rsatgan.
“Biz ayollar miyasining erkaklarnikiga qaraganda tezroq yemirilayotganini ko‘rsatadigan dalillar topmadik. Demensiya ayollarda ko‘proq uchrashining sababi ehtimol, umr davomiyligi, genetika yoki tashxis qo‘yishdagi o‘ziga xosliklar bilan bog‘liq”, deydi tadqiqot muallifi Anne Ravndal.
Kelajakda tadqiqot guruhi miya tuzilmasidagi o‘zgarishlar xotiraga qanday ta’sir qilishini o‘rganishni rejalashtirmoqda. Ehtimol, erkak va ayollarda bir xil darajadagi o‘zgarishlar kognitiv funksiyalarga turlicha ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Braziliyaning Riu-Grandi-du-Sul Federal universiteti olimlari Amerika rayhoni ekstrakti miya qarishini sekinlashtirishi hamda oksidlovchi stress va yallig‘lanishni kamaytirishi haqida xabar bergan edi.
Mohichehra Qadamova
Live
Barchasi