Olimpiada ilk bor Afrikada o‘tishi mumkin
Sport
−
14 noyabr 1553 1 daqiqa
Janubiy Afrika hukumati Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) bilan Olimpiada va Paralimpiya o‘yinlarini o‘tkazish bo‘yicha rasmiy muzokaralarga kirishdi. Bu haqda prezident ma’muriyatidagi vazir Xumbudzo Ntshavxeniga tayanib, “Sputnik Africa” xabar berdi.
Ntshavxenining aytishicha, Janubiy Afrika mavjud infratuzilmasiga, jumladan 2010 yilgi futbol bo‘yicha Jahon chempionati uchun qurilgan ob’ektlar va tajribaga tayangan holda Olimpiadani o‘tkazishga qodir va tayyor.
Uning ta’kidlashicha, XOQ bilan olib borilayotgan dastlabki jarayon moliyaviy majburiyatsiz texnik-iqtisodiy asoslash va rejalashtirish bosqichlarini o‘z ichiga oladi.
O‘tgan yili ushbu jarayonni boshlab bergan sport vaziri Gayton Makkenzi XOQning yangilangan tender tizimi mezbonlik xarajatlarini 80 foizgacha kamaytirganini qayd etdi.
Tarixan, Afrika qit’asida hali biror davlat Olimpiya o‘yinlariga mezbonlik qilmagan. Janubiy Afrika ilgari Keyptaun shahri orqali 2004 yilgi o‘yinlar uchun ariza topshirgan, ammo g‘olib bo‘la olmagan edi. Shunga qaramay, mamlakat 2010 yilda FIFA Jahon chempionatiga mezbonlik qilgan birinchi afrikalik davlat sifatida tarixga kirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) 2026 yil boshida transgender sportchilarning Olimpiya o‘yinlarida ayollar musobaqalarida ishtirok etishini taqiqlashi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi