Omadli ikki daqiqa: Qatar Eron bombardimonchilarini payqab qoldi
Olam
−
05 mart 11463 2 daqiqa
Eron harbiy samolyotlari Qatarda joylashgan AQSHning eng yirik harbiy bazasiga zarba berishga bir necha daqiqa qolganda urib tushirildi. Islom inqilobi qo‘riqchilari korpusi ikkita Su-24 bombardimonchisini Qatardagi al-Udeyd aviabazasi va mamlakat iqtisodiyoti uchun muhim bo‘lgan Ras-Laffan gaz majmuasiga yo‘naltirgan. Bu haqda “CNN” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, samolyotlar nishonga yaqinlashishiga taxminan ikki daqiqalik masofa qolgan paytda Qatar havo kuchlari ularni aniqlagan. Uchoqlar radiolokatsiyadan qochish maqsadida juda past – taxminan 80 fut balandlikda uchgan. Qatar tomoni radioqo‘ng‘iroq orqali ogohlantirish bergan, ammo javob olmagan.
Shundan so‘ng Qatar havo kuchlari F-15 qiruvchi samolyotlarini havoga ko‘targan. Jang davomida Qatar samolyoti ikki Eron bombardimonchisini urib tushirgan. Samolyotlar Qatar hududiy suvlariga qulagan va ekipajni qidirish ishlari boshlangan.
Bu voqea Eron tomoni AQSH va Isroilning zarbalariga javob tariqasida Fors ko‘rfazi davlatlariga yuzlab raketa va dronlar yo‘llayotgan bir paytda sodir bo‘lgan. Shu bilan birga, bu Tehronning so‘nggi keskinliklar davrida birinchi marta qo‘shni davlatga qarshi pilotli harbiy samolyotlardan foydalangan holati hisoblanadi.
AQSH Qo‘shma shtablar qo‘mitasi raisi general Den Keyn ham hodisani tasdiqlab, Qatar qiruvchilari ilk bor havodagi jangda ikki eron bombardimonchisini yo‘q qilganini e’lon qilgan. Qatar bosh vaziri Muhammad bin Abdurahmon as-Saniy esa bu hodisani keskinlikni yanada kuchaytiruvchi qadam deb baholagan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 4 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qatar davlati Amiri Shayx Tamim bin Hamad Ol Soniy bilan telefon orqali muloqot qilib, Yaqin Sharqdagi vaziyatning keskinlashuvi va ziddiyatlar mintaqaviy barqarorlik va tinchlikka jiddiy tahdid solayotganini ta’kidlagan edi.