Onangni qozi so‘ksa. Jinoyatlarga qarshi kurashishi ishonilgan amaldorning o‘zi pora bilan ushlandi
3-sahifa
−
16 mart 9794 2 daqiqa
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining (IJQKD) Jizzax viloyati boshqarmasi Paxtakor tuman bo‘limi katta tezkor vakili 85 mln so‘m pora bilan qo‘lga tushdi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, bo‘limning katta tezkor vakili shaxsiy boylik orttirish maqsadida o‘zining 1989 yilda tug‘ilgan muqaddam sudlangan tanishi bilan til biriktirib, texnika ta’minoti bilan shug‘ullanuvchi mas’uliyati cheklangan jamiyat (MCHJ) ish boshqaruvchisining ishonchiga kirgan.
Aniqlanishicha, mazkur MCHJ bilan Jizzax shahar Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi o‘rtasida 20 dona interaktiv doskalarning oldi-sotdi shartnomasini elektron do‘kon orqali tuzilishida g‘oliblikni qo‘lga kiritib, doskalarni qimmat narxda o‘tkazib berishni va’da qilishgan.
O‘zlarining qo‘shtirnoq ichidagi xolis xizmatlari evaziga esa MCHJ ish boshqaruvchisidan 85 mln so‘m talab qilishgan.
Departamentning katta tezkor vakili asl narxi 15,2 mln so‘m bo‘lgan interaktiv doskalarni 25 mln so‘mdan o‘tkazib bermoqchi bo‘lgan.
Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan prokuratura organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda dastlab uning sherigi 1989 yilda tug‘ilgan fuqaro 85 mln so‘mni olgan paytda ushlangan.
So‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, undan 30 mln so‘mni Departament xodimi o‘zining yana bir hamtovog‘i bo‘lgan – maktab direktori bilan birgalikda, o‘z yashash xonadoni oldida olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, IJQKD Paxtakor tuman bo‘limi katta tezkor vakili va maktab direktoriga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “O‘zyo‘lko‘prik” klasteri davlat muassasi mansabdori 10 ming dollar pora bilan qo‘lga tushgani haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi