Orban 14-marta Putin bilan uchrashdi. Bu gal Lavrov ham “sahna”ga qaytdi
Olam
−
28 noyabr 4864 3 daqiqa
Bugun, 28 noyabr kuni Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban lavozimga kelgandan beri 14-marta Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashdi. Bu haqda Orbanning o‘zi Kremldagi muzokaralar oldidan ma’lum qildi
“Bu mening Bosh vazir sifatida siz bilan 14-marotaba uchrashuvim. Menimcha, hozirgi tarixiy vaziyatni hisobga olganda, xalqlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishda haqiqatan ham katta ishlar amalga oshirildi va men chin dildan umid qilamanki, biz yana ko‘p ishlar qilamiz.
Hurmatli Prezidentga ma’lumki, biz suveren tashqi siyosat yo‘nalishini amalga oshiramiz. Biz Rossiya yo‘nalishida qat’iymiz va muhim sohalarda hamkorlik davom etmoqda – biz tashqi bosimga berilmadik va bu muhim sohalarda hamkorlikni to‘xtatmadik”, dedi Orban.
Shuningdek, u Rossiyadan energetik resurslarning o‘tmishda, hozir va kelajakda barqaror yetkazib berilishi Vengriyaning energetika xavfsizligining asosi ekanini ta’kidladi. U Rossiyaning energetik ta’minoti barqarorligi va prognozlanuvchanligini yuqori baholadi va Vengriya Rossiya bilan energetika dialogi hamkorligini davom ettirishga qiziqish bildirayotganini qayd etdi.
“Ukraina Vengriyaning qo‘shnisi bo‘lgani uchun, Vengriya Ukraina nizosining ta’sirini to‘liq his qilmoqda, shu jumladan sezilarli iqtisodiy yo‘qotishlar hamda harbiy harakatlar oqibatida iqtisodiy hamkorlik bloklanishi. Bu ham Yevropa, ham biz uchun to‘g‘ri.
Sizga oldingi uchrashuvimizda aytganimdek: Vengriya tinchlikka qiziqish bildirmoqda va so‘nggi paytda e’lon qilingan tinchlik tashabbuslari oxir-oqibatda shu tinchlikka olib keladi deb umid qilamiz”, dedi Orban.
Putin esa Orbanning Ukraina masalasi bo‘yicha uyg‘un va muvozanatli pozitsiyasini yaxshi bilishini qayd etdi.
“AQSH Prezidenti bilan uchrashuv imkoniyati bo‘yicha shu qadar tez va ijobiy munosabat bildirganingiz uchun rahmat. Bu Donaldning taklifi edi, u darhol shunday dedi: Vengriya bilan yaxshi munosabatlarimiz bor va sen bilan Viktorning munosabatlari yaxshi, men ham bu variantni taklif qilaman. Albatta, biz mamnuniyat bilan rozilik bildirdik.
Agar muzokaralarimiz jarayonida Budapesht maydonchasidan foydalanish masalasi yuzaga kelsa, men buni ham juda quvonch bilan qabul qilaman va sizga ko‘maklashishga tayyorligingiz uchun minnatdorlik bildiraman”, dedi Putin.
Muzokaralarda Rossiya tomonidan Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Hukumat raisi o‘rinbosari Aleksandr Novak va Prezident yordamchisi Yuriy Ushakov ishtirok etdi. Vengriya tomonidan esa Tashqi iqtisodiy aloqalar va xorijiy ishlar vaziri Peter Siyyarto, Qurilish va transport vaziri Yanosh Lazar hamda Vengriya Bosh vazirining milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha bosh maslahatchisi Marsel Biro qatnashdi.

Rossiya va Vengriya Tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov va Peter Siyyarto ikki davlat rahbarlari muzokaralari boshlanishidan oldin Kremlda uzoq vaqt davomida suhbat qurdi. “Interfaks” muxbiri xabar berishicha, Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban kelishi kutilgan vaqtda vazirlar Diplomatiya qabinetida avval turib, so‘ngra qo‘shni kreslolarga o‘tirib, jonli suhbatni davom ettirgan. Ularning uchrashuvi 45 daqiqa atrofida davom etdi.
Qayd etish joiz, so‘nggi paytlarda Lavrov Putinning xorijiy safarlarida ko‘rinmay qolgani tarli taxminlarni ilgari surgandi. Masalan, bu Putinning undan jahli chiqqani, chunki Lavrov amerikalik mavqedoshi Marko Rubio bilan telefon suhbatida Putin va Trampning Budapeshtda o‘tishi kerak bo‘lgan sammitini barbor qilgani aytilgandi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 27 noyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Qirg‘izistonga tashrifi yakunlari va Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti sammiti bo‘yicha matbuot anjumanida Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov AQSH Davlat kotibi Marko Rubio bilan suhbatlashgani uchun “qora ro‘yxatga tushdi”, degan gaplarni ahmoqlik deb atagandi.
Live
Barchasi