Oyliklar va stipendiyalar qachondan oshishi ma’lum bo‘ldi
Jamiyat
−
03 iyun 32019 3 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev aholi turmush darajasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar ko‘lamini kengaytirish, fuqarolarning daromadlarini izchil oshirib borish siyosatini davom ettirish hamda ularning ijtimoiy muhofazasini kuchaytirish maqsadida ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdorini oshirishni nazarda tutuvchi farmon chiqardi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 iyuldan boshlab pensiyalar va nafaqalar hamda kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqalari va moddiy yordam to‘lovlari miqdorlari 10 foizga oshiriladi. Bunda:
- yoshga doir eng kam pensiya miqdori – oyiga 918 000 so‘m etib;
- nogironlik pensiyalarining eng kam miqdori – oyiga 1 012 000 so‘m etib;
kam ta’minlangan oilalarga bolalar nafaqasining har oylik miqdori:
- 3 yoshgacha bo‘lgan bitta kichik farzandi uchun – 360 000 so‘m, 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bitta farzandi uchun – 275 000 so‘m;
- oilaning ikkinchi farzandi uchun qo‘shimcha – 165 000 so‘m;
- oilaning uchinchi va undan keyingi har bir farzandi uchun qo‘shimcha – 110 000 so‘m etib;
- kam ta’minlangan oilalar uchun moddiy yordamning oylik miqdori – 420 000 so‘m etib;
- fuqarolarga to‘lanadigan boshqa pensiyalar va nafaqalar miqdorlari ilovaga muvofiq belgilanadi.
Shuningdek, 2025 yil 1 avgustdan boshlab byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi.
Bundan tashqari, 2025 yil 1 iyuldan boshlab pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori – oyiga 471 000 so‘m etib, 2025 yil 1 avgustdan boshlab esa mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori – oyiga 1 271 000 so‘m; bazaviy hisoblash miqdori – 412 000 so‘m etib belgilanadi.
Byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqlari, pensiyalar, stipendiyalar va nafaqalar miqdori oshirilishi bilan bog‘liq xarajatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Shuningdek, ish beruvchilarga ish haqi miqdorini qonunchilik hujjatlarida belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan holda to‘lashni ta’minlab, ish haqi miqdorini mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga muvofiq oshirish tavsiya etiladi.
Belgilanishicha, Iqtisodiyot va moliya vazirligi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi bilan birgalikda ushbu Farmonning maqsadi, vazifalari va undan kutilayotgan natijalarni ommaviy axborot vositalari, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda keng yoritish ishlarini tashkil qiladi.
Mazkur Farmonning ijrosini ta’minlash uchun mas’ul va shaxsiy javobgar etib Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov belgilandi. Farmon ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov zimmasiga yuklandi.
Eslatib o‘tamiz, bugun, 3 iyun kuni O‘zbekiston Bosh vazir o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi chiqishida O‘zbekistonda ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar 10 foizga oshirilishini ma’lum qilgandi.
Live
Barchasi