Ozarbayjonda qon bilan yozilgan mustaqillik kurashiga 36 yil to‘ldi (fotoreportaj)

Olam

image

Ozarbayjon tarixida “Qonli yanvar” fojiasi nomi bilan kirgan 1990 yil 20 yanvar voqealariga 36 yil to‘ldi. Ushbu dahshatli hodisalar Ozarbayjon xalqiga qarshi olib borilgan tizimli bosim va repressiya siyosatining yaqqol namunasi sifatida ko‘rilib, milliy irodani sindirish va jamiyatda qo‘rquv muhitini shakllantirishni ko‘zlagan siyosat sifatida qabul qilinadi. Mamlakatning “Azertac” nashri ushbu kun munosabati bilan tahliliy maqola e’lon qildi. 

Xo‘sh, aslida nima bo‘lgan edi?  

XX asr davomida Ozarbayjon xalqi bir necha bor 20 yanvardagi kabi tazyiq va ta’qiblarga duch kelgan. 20 yanvar fojiasi, shuningdek, Qorabog‘da separatizmning sun’iy ravishda avj oldirilishi, ozarbayjonliklarga qarshi ommaviy qirg‘inlar uyushtirilishi va ularning Armaniston hududidagi ota-bobolar yurtlaridan quvg‘un qilinishi ushbu siyosatning izchil va maqsadli tarzda amalga oshirilganini yaqqol ko‘rsatadi.


 
20 yanvar fojiasi Ozarbayjon xalqining xotirasida chuqur qayg‘u bilan birga milliy g‘urur ramzi sifatida muhrlanib qolgan. Qonli yanvar voqealari xalqning mustaqillik yo‘lidagi qat’iy va qaytmas irodasini namoyon etadi. Marhumlarning muqaddas qoni bilan yozilgan bu sahifa Ozarbayjon xalqining ozodlik va istiqlol kurashining timsoliga aylandi.

SSSR Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasining Bosh kotibi Mixail Gorbachyov ko‘rsatmasiga binoan, sobiq SSSR mudofaa vazirligi, Davlat xavfsizlik qo‘mitasi va ichki ishlar vazirligining harbiy bo‘linmalari 1990 yil 19 yanvardan 20 yanvarga o‘tar kechasi Baku shahri va Ozarbayjonning bir qator hududlariga kiritildi. Tinch aholiga qarshi amalga oshirilgan qurolli hujum oqibatida yuzlab begunoh insonlar halok bo‘ldi va jarohatlandi. Bu holat totalitar sovet rejimining jinoyatkor mohiyatini xalqaro jamoatchilikka yana bir bor namoyish etdi. Sovet qo‘shinlarining Bakuga kirib borishi mislsiz shafqatsizlik va vahshiylik bilan kechdi. Hatto favqulodda holat e’lon qilinishidan oldin 82 nafar tinch aholi vakili o‘ldirilgan, 20 kishi og‘ir tan jarohati olgan edi. Bu voqealar rejimi xalqning ozodlik va mustaqillik yo‘lidagi irodasiga nisbatan hech qanday insoniy qadriyatni tan olmaganini ochiq ko‘rsatdi.

O‘sha kechasi SSSR rahbariyatining ko‘rsatmasi bilan Ozarbayjon xalqiga nafrat ruhida yo‘g‘rilgan 65 ming kishilik qo‘shin bo‘linmalari, jumladan, asosan arman millatiga mansub askar va zobitlar hech qanday ogohlantirishsiz shaharga besh yo‘nalishdan bostirib kirdi. Tanklar va zirhli texnikalar yo‘llarida uchragan avtomobillarni, odamlarni bosib o‘tar, farqsiz ravishda har kimga qarata o‘q uzardi. 20 yanvar va undan keyingi bir necha kun ichida Baku, Neftchala va Lenkaran shaharlarida 147 kishi halok bo‘ldi, 744 kishi yaralandi hamda 800 dan ortiq odam hibsga olindi.

“Odamlarga yaqin masofadan, alohida shafqatsizlik bilan o‘q uzilgan. Masalan, Y.Meyerovichga 21 marta, D.Xanmammadovga 10 martadan ortiq, R.Rustamovga 23 marta o‘q tekkan. Shifoxonalar, tez yordam mashinalari o‘qqa tutilgan, shifokorlar o‘ldirilgan, odamlar sanchqi-pichoqlar bilan qatl etilgan. Ular orasida ikki ko‘zi ko‘r bo‘lgan B.Yefimsev ham bor edi. Og‘irlik markazi o‘zgartirilgan, 5,45 kalibrli Kalashnikov o‘qlari qo‘llanilgan”, deya qayd etilgan fojianing ko‘lami haqida xalqaro huquqni himoya qiluvchi “Shit” tashkiloti ekspertlari hisobotida.

Bugun ushbu dahshatli fojianing minglab tirik guvohlari bor. Imperiya qo‘shinlarining Ozarbayjonda sodir etgan harbiy jinoyatlarining ayanchli oqibatlari va xalqning sinmas irodasini aks ettiruvchi eng muhim dalillardan biri fotosuratlardir. Qonli Baku kechasi ko‘chalarda qolib ketgan begunoh insonlarning jasadlari, marhumlarning dafn marosimidagi ulkan izdihom va boshqa manzaralarni aks ettirgan suratlar o‘sha davr azob-uqubatlarini yana bir bor ko‘z o‘ngimizga keltiradi. 20 yanvar Ozarbayjon tarixida ham fojia, ham qahramonlik namunasi sifatida abadiy qoladi. Shahidlarning dafn marosimidagi izdihom xalqning cheksiz qayg‘usini ifodalash bilan birga, uning milliy birdamligi va ozodlik yo‘lidagi birlashish qudratini ham namoyon etadi. O‘sha davrda olingan suratlar bugun ham ana shu faxrli lahzalarni yashatib kelmoqda.

Yillar o‘tishi bilan “Qonli yanvar” voqealariga munosabat ham o‘zgardi. Avvaliga ozarbayjonliklar faqat yig‘lab-siqtab shahidlar qabriga chinnigullar qo‘yish bilan taskin topgan bo‘lsa, bugun ularning qalblarida cheksiz faxr va iftixor tuyg‘usi ham jo‘sh urmoqda. O‘sha qonli kunlar Ozarbayjon xalqining tarixida ham fojia, ham qahramonlik va mardlik sahifasi sifatida bitildi. Bu hodisa Ozarbayjon milliy o‘zligining shakllanishiga hal qiluvchi ta’sir ko‘rsatdi, davlat mustaqilligining tiklanishida burilish nuqtasi sifatida baholandi.

20 yanvar fojiasidan so‘ng Ozarbayjon to‘liq axborot blokadasiga olindi. Ushbu blokadani o‘sha paytda Moskvada yashagan mamlakat umummilliy yetakchisi Haydar Aliyev yorib o‘tdi. Fojianing ertasiga – 21 yanvar kuni u oila a’zolari bilan birga Ozarbayjonning Moskvadagi doimiy vakolatxonasiga borib, xalq bilan birdamligini namoyon etdi va SSSR rahbariyatining bu qonli amaliyotiga keskin norozilik bildirdi. U sodir bo‘lgan voqealarning huquq, demokratiya va insonparvarlikka zid ekanini ta’kidlab, ushbu jinoyatga qarshi butun dunyoga ovozini ko‘tardi. Aynan shu bayonot tufayli xalqaro hamjamiyat SSSR rahbariyatining Ozarbayjon xalqiga qarshi amalga oshirgan davlat terroridan xabardor bo‘ldi.

1990 yil 20 noyabrda Naxchivon Muxtor Respublikasi Oliy Majlisi sessiyasida Haydar Aliyev 20 yanvar fojiasini Ozarbayjon xalqining suveren huquqlariga tajovuz sifatida baholab shunday degan edi:

“19-20 yanvar voqealari Sovet Ittifoqi siyosiy rahbariyatining, shaxsan Gorbachyovning og‘ir aybi oqibatidir. Bu bir tomondan uning diktatorlikka moyilligi, ikkinchi tomondan esa Ozarbayjon rahbarlarining xalqqa xiyonati va jinoyatidir. Bu Ozarbayjon xalqiga qarshi qaratilgan harbiy tajovuz, haqorat va jinoyatdir”.

21 noyabr kuni esa Naxchivon Muxtor Respublikasi Oliy Majlisi 20 yanvar fojiasiga ilk bor siyosiy-huquqiy baho bergan hujjatni qabul qildi. Bu qaror xalq irodasining ifodasi va Haydar Aliyev qat’iyatining tarixiy namunasiga aylandi.

Qonli voqealardan so‘ng Bakudagi Shahidlar xiyoboni xalqning muqaddas ziyoratgohiga aylandi. Poytaxtning baland nuqtasida joylashgan ushbu maskan umumxalq qayg‘usi bilan birga, xalqning mardligi va yengilmas irodasining ramzidir.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon mustaqillik Baku Haydar Aliev SSSR Qorabog' Qonli yanvar' Shahidlar xiyoboni

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing