Ozodlikka chiqqan Shukurov yana qamaldi
Tahlil
−
14:30 3144 2 daqiqa
Toshkent shahridagi tungi klub oldida erkakni bir urib, komaga tushirib qo‘ygan, bezorilik va bir qancha firibgarliklarda ayblangan Akmal Shukurovga 8 yillik qamoq jazosi berilganiga qaramay 8 oylikdan so‘ng ozodlikka chiqqanidan xabaringiz bo‘lsa kerak. U apellyatsiya instansiyasi sudining 9 dekabrdagi ajrimi bilan ozodlikka chiqarilgandi. Jamoatchilikning ko‘p sonli e’tirozidan so‘ng Toshkent shahar prokuraturasi taftish tartibida protest kiritdi. Protestda Akmal Shukurovga nisbatan apellyatsiya sudi tomonidan chiqarilgan ajrimni bekor qilinishi keltirilgan.
Shuningdek, protestda Akmal Shukurovga birinchi instansiya sudi jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tuman sudining hukmini o‘zgartirib, Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “a” bandi bilan tayinlangan jazoni o‘zgartirib, Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 2-qismi “ye” bandi va 277-moddasi (bezorilik) 3-qismi “g” bandi bilan tayinlangan ozodlikdan mahrum qilish jazosini o‘zgarishsiz qoldirish so‘ralgan.
Bugun, 18 dekabr kuni mazkur jinoyat ishi Toshkent shahar sudining 3 nafar sudyadan iborat taftish hay’ati tomonidan qayta ko‘rib chiqilib, prokuratura protesti qanoatlantirilgan. E’lon qilingan ajrimga ko‘ra, birinchi instansiya sudining hukmi o‘zgartirilgan hamda apellyatsiya instansiya sudining ajrimi bekor qilindi.
Akmal Shukurovga Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat doirasida yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplanganligi sababli ushbu kodeksning 57-moddasini qo‘llagan holda, ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.
Shuningdek, Akmal Shukurovga Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “ye” bandi bilan tayinlangan 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi hamda 277-moddasi 3-qismi “g” bandi bilan tayinlangan 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi aslicha qoldirilishi belgilangan.
Shu tariqa, Akmal Shukurovga tayinlangan jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Uning qamoqda saqlangan kunlari tayinlangan jazodan chegirilib, o‘tash uchun 5 yil-u 3 oy 12 kun muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi qoldirildi.
Toshkent shahar sudining ushbu ajrimi ustidan taraflar qonunda belgilangan tartib va muddatda Oliy sudning jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’atiga taftish tartibida shikoyat berish va protest keltirishga haqliligi ma’lum qilindi.
Ushbu videoreportajni QALAMPIR.UZ’ning YouTube’dagi sahifasida tomosha qilishingiz mumkin.
Live
Barchasi