Paxta terimida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan mansabdorlar jazolandi
3-sahifa
−
25 Sentabr 6818 2 daqiqa
Paxta yig‘im-terimi mavsumida majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan mansabdorlar jazolandi. Bu haqda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, paxta mavsumida bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik, shuningdek, mehnat qonunchiligiga rioya etilishini ta’minlash maqsadida monitoring ishlari olib borilmoqda. Joriy yilning 10-20 sentyabr kunlari o‘tkazilgan monitoring davomida 300 dan ortiq terimchi bilan mavsumiy mehnat shartnomasi tuzilishida amaliy yordam ko‘rsatilgan.
11 holatda mehnat qonunchiligi buzilishi aniqlanib, mansabdor shaxslarga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 49-moddasi (mehnat va mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish) ga asosan javobgarlik choralar belgilandi. Majburiy mehnatga yo‘l qo‘ygan 3 nafar mansabdor shaxsga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 51-modda (mehnatga ma’muriy tarzda majburlash) 1-qismiga ko‘ra chora ko‘rildi.
“O‘zbekistonda majburiy mehnatning har qanday shakli qat’iy taqiqlangan va qonun buzuvchilarga nisbatan javobgarlik belgilanishi ta’minlanadi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryo viloyatidagi Sariosiyo tumani hokimining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Dilfuza Toshmatovaning mahalla xotin-qizlar faollarini paxta terimiga majburlagani aks etgan videosi tarqalgani xabar qilingandi. U mahalla faollariga paxta terimiga 5-10 nafardan fuqarolarni majburiy jalb qilish haqida topshiriq bergan. Shundan so‘ng, ushbu “zamhokim” jazolandi.
Live
Barchasi