Pavel Durovning boyligi keskin kamaydi
Olam
−
15:10 4093 2 daqiqa
Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durovning boyligi keskin kamaydi. Xususan, uning kapitali 2025 yilda 17,1 mlrd AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lsa, hozirda 6,6 mlrd AQSH dollariga tushib ketgan. Bu haqda “Forbes” xabar berdi.
Mutaxassislar bunga asosan, texnologiya bozoridagi vaziyat yomonlashgani sabab bo‘lganini qayd etgan. Telegram qiymatini baholashda investorlar kompaniyaning daromadlari va boshqa messenjerlar bilan taqqoslash natijalariga e’tibor qaratmoqda.
Masalan, Telegram’ning asosiy raqobatchilaridan biri Snapchat’ning oylik foydalanuvchilari soni 2025 yil oxiriga kelib 946 mln bo‘lgan. Telegram foydalanuvchilari esa 1 milliarddan ko‘p. Biroq, Snapchat’ning 2025 yildagi daromadi 5,9 mlrd AQSH dollari bo‘lsa, Telegram daromadi taxminan 2 mlrd AQSH dollari deb baholanmoqda.
Shuningdek, Snapchat kompaniyasining bozor qiymati ham so‘nggi bir yil ichida deyarli ikki barobarga kamayib, 8,7 mlrd AQSH dollariga tushgan. Bu holat Telegram qiymatining ham pasayishiga ta’sir qilgan.
Yana bir muhim omil bu – Telegram chiqargan obligatsiyalar. Kompaniya 2026 yil 22 martda eski obligatsiyalarni qaytarishi kerak. Ayrim tahlilchilar Durov ushbu majburiyatlarni bajarish uchun investorlarga Telegram aksiyalarini taklif qilishi mumkinligini aytmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq tadbirkor Ilon Mask ketma-ket ikkinchi yil “Forbes” talqini bo‘yicha dunyoning eng boy odamlari yillik reytingida birinchi o‘rinni egallagani haqida xabar berilgan edi. Tesla, SpaceX asoschisi va X ijtimoiy tarmog‘i egasining sarmoyasi 839 milliard AQSH dollariga yetdi. Mask fevral oyi boshida SpaceX kompaniyasining o‘z xAI startapi bilan birlashishidan so‘ng boyligi 800 milliard AQSH dollarlik dovondan oshgan ilk insonga aylandi.
Bu yilgi “Forbes” milliarderlari reytingiga 390 nafar yangi ishtirokchi kirdi, ular orasida Maskning akasi Kimbal, reper va prodyuser Dr.Dre (Andre Yang), xonanda Beyonse Noulz-Karter va tennischi Rojer Federer bor. Ro‘yxatdan 89 kishi, xususan, NASA rahbari Jared Ayzekman chiqarib tashlandi.
Live
Barchasi