Peru poytaxtida favqulodda holat e’lon qilindi
Olam
−
22 Oktabr 3391 1 daqiqa
Peruda namoyishlar ortidan hokimiyatga kelgan muvaqqat prezident Xose Xeri bugun, 22 oktyabr kuni poytaxt Lima shahrida 30 kun muddatga favqulodda holat joriy etilganini ma’lum qildi. Ushbu chora doirasida qurolli kuchlar politsiya bilan hamkorlikda jamoat tartibini ta’minlashga jalb etiladi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Qayd etilishicha, rejim bugun, 22 oktyabrdan kuchga kiradi va 30 kun davom etadi. Vazirlar Mahkamasi Limada favqulodda holat joriy etilishini ma’qullagan. Xose Xerining so‘zlariga ko‘ra, bu chora mamlakatda tinchlik, osoyishtalik va millionlab peruliklarning ishonchini tiklashga yordam beradi.
Qayd etish joiz, Peruda noroziliklar 10 oktyabr kuni sobiq prezident Dina Boluartega nisbatan impichment e’lon qilinib, u davlat rahbari lavozimidan chetlatilgach boshlangandi. O‘tgan hafta oxiridayoq hukumat favqulodda holat e’lon qilish arafasida ekanini bildirgan va aniq choralar ko‘rish ishlarini boshlagan.
Ma’lumot uchun, so‘nggi yillarda Peruda jinoyatchilik darajasi keskin oshgani aytilmoqda, qotilliklar, talonchilik, tovlamachilik va kichik tadbirkorlarga jinoyatchi guruhlar tomonidan tahdidlar kuchaygan. Shu sababli, aholi bir necha bor ish tashlashlar va norozilik aksiyalarini o‘tkazgan.