“Pichoq bilan bo‘laklab tashlagan”. Konsulxona Durdonaning dugonasi o‘ldirilishi haqida ma’lumot berdi
Olam
−
11:38 7819 5 daqiqa
Avvalroq, Turkiyaning Istanbul shahri Shishli tumanida chiqindi yig‘uvchi tomonidan axlat konteyneridan o‘zbekistonlik Durdona Hakimovaning jasadi topilgani haqida xabar berilgan edi. Mazkur ish doirasida u o‘ldirilgan Umroniyadagi uyda yana bir o‘zbekistonlik ayol – Sayyora Ergashaliyeva ham bo‘laklab o‘ldirilgani aniqlandi. Bu haqda O‘zbekistonning Istanbul shahridagi bosh konsulxonasi xabar berdi.
Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlaridan olingan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, avval Durdona Hakimovaning o‘limi bilan bog‘liq hodisadan so‘ng bedarak yo‘qolgan deb topilgan fuqaro 1994 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan Ergashaliyeva Sayyoraning vafot etgani aniqlangan.
Ma’lum qilinishicha, tergov jarayonida marhuma Sayyora Ergashaliyeva Durdona Hakimovaning yaqin dugonasi bo‘lgani aniqlangan. Shuningdek, tergov jarayonida gumonlanuvchilar Ergashaliyeva yuzasidan ko‘rsatma berishdan bosh tortganliklari qayd etilgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning 22 yanvar kuni marhumalar hamda gumonlanuvchilar Istanbul shahrining Fotih tumanida joylashgan restoranlarning birida birgalikda tushlik qilgan. Uchrashuv davomida Ergashaliyeva va G‘.K. o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga kelgan. Taxminlarga ko‘ra, mojaro Ergashaliyevaning O‘zbekistonga qaytish niyati bilan bog‘liq masalada kelib chiqqan.
23 yanvar kuni T.D. va G‘.K. o‘zaro til biriktirgan va Ergashaliyevani avval pichoq bilan o‘ldirib, tanani bir necha qismlarga bo‘lib, Fotih tumanidagi axlat qutilariga tashlashgan. 24 yanvar kuni qotillar Ergashaliyevaning telefonidan Hakimovaga SMS xabar yuborib uni ham chaqirib, Ergashaliyeva singari uni pichoq tiqib o‘ldirib, tanani bir nechta qismlarga bo‘lib, Shishli tumanidagi axlat qutilariga tashlashgan.
Qayd etilishicha, Ergashaliyevaning jasadi topilgan, biroq Istanbul Sud tibbiy ekspertizasiga hozircha jasad olib kelinmagan.
O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi mazkur holatni doimiy nazoratga olgan bo‘lib, Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan yaqin hamkorlikda ish olib bormoqda.
Tergov harakatlari davom etmoqda. Gumonlanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish bo‘yicha ehtiyot chora qo‘llanilgan va ular aybiga iqror bo‘lishgan, hujjatlar sudga taqdim qilingan.
Vahshiy qotillik
Joriy yilning 24 yanvar kuni kechasi Istanbulning Shishli tumani Duatepe mahallasida dahshatli voqea sodir bo‘ldi. Mahalliy vaqt bilan soat taxminan 19:40 larda hududda chiqindi yig‘ish va qog‘oz terish bilan shug‘ullanib yuradigan Okan ismli shaxs Kuyulubog‘ ko‘chasi, 25-uy oldidagi axlat konteynerini kovlar ekan, choyshab va paketlarga o‘ralgan jasadni payqab qolgan. U holat haqida xabar berish uchun politsiya bo‘limiga borib, ko‘rganlarini aytib bergan.
Okanning aytishicha, u hodisa vaqtida konteynerni kavlayotganida qora paketni ko‘rgan, paketni yirtganida qon va inson jasadiga ko‘zi tushgan hamda jasad hali issiq ekanini sezgan. Shundan so‘ng Feriko‘y politsiya bo‘limiga borib holatni ma’lum qilgan, politsiya xodimlari ham voqea joyiga kelib, jasadni konteyner ichida ko‘rgan. U politsiya bilan birga yana hodisa joyiga qaytgan. Dastlabki ko‘zdan kechirishda jasadning boshi kesilgan bo‘lib, ayol kishiga tegishli ekani taxmin qilingan.
Qotillik bo‘limi detektivlari olib borgan tekshiruvlar davomida yana bir guvohning ko‘rsatmasi olingan. Guvohning aytishicha, soat 19:00 lar atrofida u onasini ko‘rish uchun mazkur ko‘chaga kelgan va shu paytda axlat konteyneri oldida soqolli ikki erkakning chamadon bilan kutib turganini ko‘rgan.
Shuningdek, gumonlanuvchilarning jasadni chamadon ichida olib kelib tashlagan lahzalari aks etgan kuzatuv kamerasi tasvirlari ham aniqlangan. Kadrlarida ikki shaxs qo‘llarida chamadon bilan konteyner yoniga kelayotgani ko‘rinadi.
Detektivlar hodisa joyida olib borgan ishlar chog‘ida jasadning tanasi solingan konteynerda bosh va oyoqlar yo‘qligini aniqlagan. Jasad solingan deb taxmin qilingan chamadon esa bir necha ko‘cha naridagi Bozkurt ko‘chasidagi boshqa axlat joyidan topilgan.
Hodisa joyi buzilmasligi uchun jasad konteynerdan chiqarilmagan, shu sababli tananing to‘liq holati joyida batafsil baholanmagan. Hudud xavfsizlik halqasiga olinib, Qotillik bo‘limi va Hodisa joyini ko‘zdan kechirish bo‘limiga xabar berilgan va keng qamrovli tergov boshlangan.
Jamoat xavfsizligi bo‘limi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida barmoq izi orqali ayolning shaxsi aniqlangan. U O‘zbekiston fuqarosi Durdona Hakimova ekani ma’lum bo‘lgan. Jasad ko‘zdan kechirilganda uning ustida qora rangli kurtka, qora rangli uzun yengli svitshot, qora ichki kiyim bo‘lgani va oq choyshabga o‘ralgan holatda ekani aniqlangan. Marhumaning shaxsi barmoq izi orqali tasdiqlangan.
Kamera yozuvlari va guvohlarning ko‘rsatmalariga ko‘ra, hodisa joyidagi axlat konteyneriga qoramtir kiyimdagi, soqolli ikki erkak och rangli chamadon bilan kelgani, keyin yana chamadon bilan piyoda ko‘chadan chiqib ketgani, gumonlanuvchilar chamadonni hodisa joyiga yaqin bo‘lgan Bozkurt ko‘chasi tomon tashlab ketgani aniqlangan.
Istanbul politsiyasi Istanbul aeroportida Gruziyaga qochmoqchi bo‘lgan paytda ikki nafar qotillikda gumonlanuvchini qo‘lga olgan. Ularning ikkalasi ham O‘zbekiston fuqarolari ekani ma’lum bo‘lgan. Razvedka bo‘limi va Qotillik bo‘limi tomonidan bir necha soat ichida ushlangan gumonlanuvchilardan biri qotillikni bevosita sodir etgan, ikkinchisi esa yordam bergani aniqlangan.
Qotillikni sodir etgan D.T. ko‘rsatma bergan.
“Durdona Hakimova bilan voqea kuni tanishganmiz, oramizda munosabat boshlangan. Janjallashib qoldik va men uni pichoq bilan o‘ldirdim. Keyin do‘stim bilan birga jasadni bo‘laklarga ajratdik. Jasad qismlarini alohida paketlab, chamadon ichiga joyladik. So‘ng tijorat taksisi bilan Shishli tumaniga keldik va jasad hamda uning qismlarini turli axlat konteynerlariga tashlab yubordik”, deydi u.
Gumonlanuvchilarning aeroportdan qochishga uringan paytda qo‘lga olingan lahzalari ham tasvirlarga tushgan. Shuningdek, gumonlanuvchilar foydalangan taksini boshqargan shaxs ham qo‘lga olingan. Shu tariqa ish bo‘yicha hibsga olinganlar soni 3 nafarga yetgan.
Mazkur voqea ortidan 26 yanvar kuni ayollar Turkiyaning Anqara va Istanbul shahrida qotillik va jazosizlik siyosatiga qarshi norozilik aksiyasi o‘tkazdi.
E’zoza Olimova
Live
Barchasi