Pokiston Hindistonni suvni “qurol” qilib olganlikda aybladi

Olam

image

Pokiston bosh vaziri o‘rinbosari Is’hoq Dar 19 dekabr kuni qo‘shni mamlakat Hindistonni to‘g‘onlardagi suvni ogohlantirishsiz qo‘yib yuborish orqali suvni “qurolga aylantirish”da aybladi. Bu haqda ABC News xabar berdi.

Bildirilishicha, Dehlining ushbu harakatlari Jahon banki vositachiligida imzolangan suv taqsimoti to‘g‘risidagi shartnomani buzadi hamda mintaqadagi tinchlik va barqarorlikka raxna soladi. Ushbu bayonot Pokiston Tashqi ishlar vazirligi Chenob daryosidan suvning muntazam bo‘lmagan tarzda chiqarilishi bo‘yicha Hindistonga tushuntirish so‘rab xat yo‘llaganidan bir kun o‘tib yangramoqda.

Darning so‘zlariga ko‘ra, Hindiston Pokiston qishloq xo‘jaligi siklining eng muhim pallasida suv oqimini manipulyatsiya qilmoqda. Bu esa mamlakatning oziq-ovqat va iqtisodiy xavfsizligiga, shuningdek, millionlab odamlarning tirikchiligiga tahdid solmoqda.

“Bunday noqonuniy va mas’uliyatsiz xatti-harakatlar Pokistonda gumanitar inqirozni keltirib chiqarishi mumkin”, deydi Bosh vazir o‘rinbosari.

Ma’lumot uchun, 2025 yilning sentyabr oyida ham shunga o‘xshash harakatlar Pokiston sharqidagi yuzlab qishloqlarni vayron qilgan suv toshqinlarini yanada og‘irlashtirgan edi. O‘shanda Hindiston tomoni musson yomg‘irlari sababli yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan toshqin haqida Pokistonni ogohlantirganini da’vo qilgan.

1960 yilda imzolangan “Hind suv shartnomasi”ga ko‘ra, Hindiston Ravi, Satlej va Bias daryolarini nazorat qiladi. Pokiston esa Jhelum, Chinob va Hind daryolari (Kashmir orqali o‘tuvchi g‘arbiy daryolar) ustidan nazorat huquqiga ega.

Pokiston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi 2025 yil boshida suv oqimini to‘xtatish yoki yo‘nalishini o‘zgartirishga bo‘lgan har qanday urinish “urush harakati” sifatida baholanishi haqida ogohlantirgan edi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokiston Hindistonga qarshi raketa qo‘shini tuzmoqchiligi xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Hindiston Pokiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing