Polshada harbiy ahamiyatga ega temiryo‘l portlatildi
Olam
−
17 noyabr 5447 1 daqiqa
Polshada noma’lum shaxslar Varshava va Lyublin o‘rtasidagi temiryo‘lni portlatdi. Mamlakat rasmiylari buni diversiya deb atamoqda. Bu haqda “Euronews” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Varshava–Lyublin yo‘nalishi bo‘ylab harakatlangan poyezd mashinisti temiryo‘lning vayron bo‘lgan qismini payqab qolgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, relslar portlovchi qurilma yordamida shikastlangan.
Mashinist dispetcherlik markaziga xabar berishga ulgurgan. Shundan so‘ng yo‘nalish bo‘yicha harakat darhol to‘xtatildi.
Polsha Bosh vaziri Donald Tusk X (sobiq Twitter) platformasida portlovchi qurilma qo‘llangan diversiya ro‘y berganini tasdiqladi. Tergovchilar yo‘lning Lyublin tomonga yaqinroq joyida yana bir shikastlangan rels qismni topishdi. Polsha prokuraturasi va maxsus xizmatlar mazkur holat yuzasidan tergovni boshlagan, biroq hozircha portlash ortida kim turgani noma’lumligicha qolmoqda.
“Mintaqadagi temiryo‘l alohida nazorat ostida, chunki aynan shu yo‘nalish orqali Ukrainaga harbiy yuklar yetkaziladi”, deyiladi xabarda.
Polsha rasmiylari poyezd halokati mashinistning ehtiyotkorligi va tezkorligi sababli oldi olinganligini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Polsha Rossiyaga qarshi “dron devori” yaratmoqchiligi haqida xabar bergan edik.
Qobilova Komila
Live
Barchasi