Polshada Kiyev talabi bilan rossiyalik olim qo‘lga olindi
Olam
−
11 dekabr 4234 2 daqiqa
Polsha Ichki xavfsizlik agentligi xodimlari Sankt-Peterburg Ermitaji ilmiy xodimi Aleksandr Butyaginni hibsga oldi. U 1999 yildan beri Qrimda arxeologik qazishmalar ekspeditsiyasiga rahbarlik qilib kelayotgan edi. Bu haqda bugun, 11 dekabr kuni hukumat ma’lumotlariga tayanib, Polsha radiosi “RMF FM” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, olim Yevropada bir qator ma’ruzalar o‘tkazgan, Varshavaga esa Niderlandiyadan Bolqon tomon yo‘l olgan paytida kelgan. Varshava prokuraturasida so‘roq qilinganidan keyin Polsha sudi Rossiya fuqarosini 40 kunga vaqtincha qamoqqa olishga qaror qilgan. Kiyev Butyaginni ekstraditsiya qilishga intiladi.
Ukrainada Butyagin madaniy meros ob’ektlarida noqonuniy qazishmalar o‘tkazish va ularni 200 million grivnadan (4 million yevroga yaqin) ziyod zarar yetkazgan holda vayron qilishda gumonlanmoqda. Tergov versiyasiga ko‘ra, Qrim anneksiya qilinganidan keyin Butyagin Ermitajning Mirmekiy arxeologik ekspeditsiyasi rahbari sifatida Ukraina hokimiyatidan hech qanday ruxsatlarsiz Kerchdagi “Qadimgi Mirmekiy shahri” madaniy meros ob’ektida noqonuniy qazishmalar o‘tkazgan.
Rossiya hokimiyati 11 dekabr kuni Ukraina talabi bilan Aleksandr Butyaginning Polshada qo‘lga olinishi ortidan Varshavani “huquqiy tiraniya”da aybladi.
“Bu mutlaq huquqiy tiraniya”, dedi Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning ta’kidlashicha, Ermitaj xodimini qo‘lga olish qarori Ukraina chiqargan xalqaro hibs orderiga asoslangan.
“Rossiyaning Varshavadagi elchixonasi xodimlari Aleksandr Butyagin bilan uchrashdi va uning advokati bilan aloqada bo‘lib turibdi. Advokat sudning vaqtinchalik hibs qarori ustidan shikoyat kiritmoqda”, dedi Zaxarova rossiyalik jurnalistlarga.
Live
Barchasi