Pora bilan qo‘lga tushgan hokim ozodlikka chiqarildimi?

3-sahifa

image

Ijtimoiy tarmoqlarda 10 ming dollar pora olayotganda qo‘lga tushgan Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumani hokimi Mahmud Xolbo‘tayev ozodlikka chiqqani haqida xabarlar tarqaldi. Oliy sud matbuot kotibi Aziz Obidov esa ushbu ma’lumotlarni rad etib, sobiq hokim ayni damda tergov hibsxonasida saqlanayotganini bildirdi. 

Ma’lum qilinishicha, Jinoyat kodeksining 167- (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 205- (hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish), 206- (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish), 209- (mansab soxtakorligi), 210- (pora olish) va 229-4-moddalarida (yer berish tartibini buzish) nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan, Sharof Rashidov tumani hokimi lavozimida ishlagan Mahmud Xolbo‘tayev ozod etilgani haqida ayrim manbalarda tarqalgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Bildirilishicha, joriy yilning 10 iyul kunidagi Jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudining ajrimi bilan Mahmud Xolbo‘tayevga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan bo‘lib, ayni paytda u tergov hibsxonasida saqlanmoqda.

Shuningdek, Mahmud Xolbo‘tayevga oid jinoyat ishi Jinoyat ishlari bo‘yicha Arnasoy tuman sudining ish yurituvida bo‘lib, bugungi kunda ushbu jinoyat ishi mazmunan ko‘rib chiqish uchun tayinlash bosqichida ekanligi ma’lum qilingan.

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanining sobiq hokimi Mahmud Xolbo‘tayev 8 iyul kuni qo‘lga olingan edi. U hibsda bo‘lishiga qaramasdan hokim nomidan qarorlar chiqarilgani aniqlandi. E-qaror platformasiga shunday qarorlardan 5 tasi joylashtirilgan.

Jumladan, xalq deputatlari tuman kengashining 2025 yil 8 iyuldagi qarori bilan tuman Obodonlashtirish boshqarmasiga 9 may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan o‘tkaziladigan bayram tadbirini yuqori saviyada tashkil etish maqsadida tuman markaziy ko‘chasini tartibga keltirish va bayroqlar sotib olishga 42 mln so‘m, tumandagi ko‘p qavatli uy-joylarning ta’mirtalab holatga kelib qolgan tom qismini ta’mirlash uchun shifer sotib olishga 70 mln so‘m ajratish belgilangan. O‘sha kungi yana bir qaror bilan esa tuman hokimligi moddiy-texnik bazasini mustahkamlash maqsadida, devonxona mollarini xarid qilish jarayonida vujudga kelgan qarzdorliklarni qoplash, org-texnika vositalarini ta’mirlash hamda xo‘jalik mollari xarid qilishga 150 mln so‘m ajratilgan.

Shuningdek, 9 iyuldagi qarorlar bilan tumanda tashkil qilingan oila va xotin-qizlar bo‘limlari moddiy texnik bazasini mustahkamlash maqsadida 100 mln so‘m, Toqchiliq mahallasi, Otchopar massivida sun’iy qoplamali mini futbol maydonini qurish uchun 200 mln so‘m va Qulpisar mahallasidagi madaniyat bo‘limiga qarashli binoni joriy ta’mirlash uchun 400 mln so‘m, tuman hokimligi moddiy texnik bazasini mustahkamlash maqsadida devonxona mollarini xarid qilish jarayonida vujudga kelgan qarzdorliklarni qoplash, ofis texnika vositalarini ta’mirlash hamda xo‘jalik mollari xarid qilishga 255 mln so‘m ajratish belgilangan.

Holat yuzasidan Jizzax viloyati prokuraturasi rasmiy munosabat bildirib, Sharof Rashidov tumani prokuraturasi tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib borayotganini ma’lum qilgan. To‘plangan hujjatlar bo‘yicha qonuniy qaror qabul qilinishi viloyat prokuraturasi tomonidan nazoratga olingan.


Maqola muallifi

Teglar

pora Sharof Rashidov qamoq Mahmud Xolbo'taev

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing