Poytaxt havosining ifloslanish sabablari e’lon qilindi (video)

Jamiyat

image

So‘nggi kunlarda Toshkent shahrida havoni ifloslantiruvchi PM10 va PM2.5 o‘lchamdagi mayda chang zarralari miqdori oshib ketdi. O‘zgidromet mazkur holat bo‘yicha o‘tkazilgan monitoring natijalarini e’lon qildi.

Qayd etilishicha, bu holat bir vaqtning o‘zida kuchayib namoyon bo‘lgan bir nechta tabiiy omillar bilan bog‘liq.

Birinchi omil – keskin harorat almashishi va inversiya. Joriy haftada havo harorati tez o‘zgargan. Issiq kunlardan sovuq kunlarga o‘tish davrida inversiya deb ataluvchi tabiiy jarayon yuzaga keladi. Inversiya paytida sovuq havo pastda, issiq havo yuqorida qoladi va havo qavatlari aralashmaydi. Shu bois, mayda zarrachalar past havo qatlamida to‘planib, qisqa vaqtda konsentratsiya keskin oshadi. Bu jarayon Toshkent, Olmaota, Bishkek, Dushanbe kabi shaharlarda har yili noyabr-fevral oylarida kuzatiladi.

Ikkinchi omil – yog‘ingarchilikning yo‘qligi. Sinoptiklarimiz ma’lumotlariga ko‘ra, noyabr oyi boshidan beri Toshkentda deyarli yomg‘ir yog‘madi, yog‘ingarchilik hajmi esa iqlimiy me’yordan ancha past bo‘lgan. Yog‘ingarchilik yo‘qligi havodagi mayda zarrachalarning tabiiy yuvilishini to‘xtatadi va ularning uzoq vaqt atmosferada saqlanib turishiga olib keladi.

Uchinchi omil – arid jarayonlarning kuchayishi va tabiiy changlanish. O‘zbekiston tabiiy jihatdan quruq va yarim quruq iqlim hududida joylashgan. BMT ekspertlari bu mintaqani dunyoda arid jarayonlar eng tez kechayotgan makonlardan biri sifatida qayd etgan. Arid jarayonlar, o‘simlik qoplamining kamayishi va iqlim isishining ta’siri ostida shamol ta’siridagi tabiiy changlanish oshadi. Shuning uchun bu yil changlanish odatdagidan ko‘proq namoyon bo‘lgan, hatto shamol past bo‘lgan kunlarda ham PM10 ko‘rsatkichining o‘sishiga turtki bergan.

Sinoptiklarning prognoziga ko‘ra, amalga oshgan inversiya jarayoni joriy yilning 24 noyabrigacha davom etishi mumkin. Shu vaqtgacha mayda zarrachalarning ma’lum darajada saqlanib turishi tabiiy va mavsumiy hol.

Ob-havo barqarorlashishi bilan havo sifati o‘z-o‘zidan sezilarli yaxshilanadi.

Hozirda mahalliy hokimiyatlar, kommunal xizmatlar va mas’ul idoralar tomonidan quyidagi amaliy ishlar olib borilmoqda:

  • Ko‘cha va yo‘llarni namlash;
  • yashil hududlarni qo‘shimcha sug‘orish;
  • jamoat joylarini nam tozalash;
  • aholi uchun tavsiyalarni yetkazish;
  • atmosfera havosini doimiy monitoring qilish.

O‘zgidromet atmosfera havosi holatiga oid barcha muhim ko‘rsatkichlarni kuniga ikki marta – ertalab va kechqurun rasmiy kanallar orqali e’lon qilib boradi.

“Kuzatilayotgan holat – tabiiy, vaqtinchalik va mavsumiy jarayon. Bunda barcha vakolatli davlat organlari tegishliligi bo‘yicha vaziyatni doimiy ravishda nazorat qilmoqdalar, zarurat tug‘ilganda esa aniq tashkiliy choralarini amalga oshirmoqda. Hurmatli fuqarolar, mazkur masalada har qanday muhim o‘zgarishlar haqida aholiga o‘z vaqtida axborot berib borilishini doimiy davom ettiramiz”, deyiladi xabarda.

PM2.5 nima?

PM2.5 bu – havoni ifloslantiruvchi moddalar bo‘lib, tarkibiga qattiq mikrozarralar ham, eng mayda suyuqlik tomchilari ham kiradi. Ularning ikkalasi ham taxminan 10 nanometrdan 2,5 mikrometrgacha bo‘lgan o‘lchamga ega. Yirikroq zarralardan farqli o‘laroq, PM2.5 biologik to‘siqlardan oson o‘tadi va shu sababli organizm uchun katta xavf tug‘diradi.

2,5 mikrometrdan kichik bo‘lgan barcha zarra va tomchilar havoda muallaq turadi. Ular o‘rmonlarda ham, dengiz bo‘yida ham mavjud, ammo aynan shaharlarda xavfli hisoblanadi. Birinchidan, shaharda ularning miqdori ancha ko‘p bo‘ladi, ikkinchidan esa mayda dispers aerozolning kimyoviy tarkibi tabiatdagiga qaraganda ancha xavfli bo‘ladi. Qolaversa, turli shaharlarda PM2.5 aerozolining tarkibi ham, alohida zarralarning xususiyatlari ham keskin farq qilishi mumkin.

Birlamchi PM2.5 – havoga “tayyor holatda” chiqariladigan zarralar. Ular tutun, asfalt va avtomobil shinalarining mayda qismlari, mineral tuzlar (sulfatlar, nitratlar), og‘ir metall birikmalari (asosan oksidlar) tarkibida paydo bo‘ladi. Biologik ifloslantiruvchilar (ba’zi allergenlar va mikroorganizmlar) ham PM2.5 tarkibiga kiradi.

Ikkinchi darajali PM2.5 – ular atmosferaning o‘zida hosil bo‘ladi. Masalan, shahar havosiga azot va oltingugurt oksidlari chiqariladi, ular suv bilan reaksiyaga kirishib kislotalarga aylanadi va shu kislotalardan qattiq tuz zarralari (nitratlar, sulfatar) hosil bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida havo ifloslanishi ortidan changga qarshi chora sifatida poytaxt ko‘chalari va yashil hududlarga suv sepilayotgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent chang havo ifloslanishi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing