Toshkentda inspektor fohishalar bilan hamkorlik qilgani uchun qamaldi

3-sahifa

image

Toshkent shahrida yengil tabiatli ayollarga “rahnamolik” qilib turish uchun har oy 400 dollardan pora olgan ichki ishlar xodimi jinoiy jazoga tortildi. QALAMPIR.UZ sud hujjatlari bilan tanishdi.

Sud hujjatlarida keltirilishicha, u “Istambul siti” turar-joy majmuasida intim xizmat ko‘rsatuvchi ayollarga nisbatan chora ko‘rmaslik, ularni huquqni muhofaza qiluvchi organlarning “Oriyat” reydlari haqida oldindan ogohlantirib turish va “rahnamolik” qilish evaziga har oy 400 dollar talab qilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, 2025 yilning 28 noyabr kuni DXX va IIV xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda inspektor fohishadan 400 AQSH dollarini olayotgan vaqtida ushlangan. Markaziy bank kursi bo‘yicha ushbu mablag‘ 4 mln 747 ming 200 so‘mni tashkil qilgan.

Sudda ayol profilaktika inspektori avval ham qizlarning fohishalik faoliyatiga ko‘z yumib kelish, reydlar haqida ogohlantirish va ma’muriy bayonnoma tuzmaslik evaziga turli miqdorda pullar olganini aytgan.

Inspektor sudda aybini qisman tan olib, pulni olganini tasdiqlagan, ammo pora talab qilmaganini bildirgan. Uning aytishicha, pulni ayolning o‘zi taklif qilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirobod tuman sudi hukmi bilan Yakkasaroy tumani IIO FMB 4-sonli IIB HPB profilaktika katta inspektori pora olishda aybli deb topilgan.

Sud dastlabki tergovdagi “tamagirlik yo‘li bilan pora olish” ayblovini noto‘g‘ri deb topib, aybni Jinoyat kodeksining 210-moddasi (pora olish) 1-qismiga qayta o‘zgartirgan.

Hukmga ko‘ra, inspektor 2 yil muddatga ichki ishlar organlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 4 yilga ozodlikdan mahrum etilgan. Jazo manzil-koloniyada o‘talishi belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, 2025 yilning 31 dekabr kuni Sirdaryo viloyatida 38 yoshli ayol yo‘l-patrul xizmati xodimi mashinada urib yuborishi oqibatida vafot etgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent fohisha Istambul siti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing