Prezident biladi: ayrim amaldorlarning o‘zi tadbirkorlarga to‘siq bo‘lyapti
Jamiyat
−
18 aprel 5359 2 daqiqa
O‘zbekistonda ayrim rahbarlar tadbirkorlarga yo‘l ochish o‘rniga, ularga o‘zi to‘siq bo‘layapti. Prezident Shavkat Mirziyoyev buni biladi va bugun, 18 aprel kuni o‘tkazilayotgan dunyoda yuz berayotgan iqtisodiy tebranishlarning O‘zbekiston soha va tarmoqlariga ta’sirini yumshatish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida shu masalada gapirib, tanqid qildi.
“Takror va takror aytaman – “hozirgi dunyodagi vaziyat bizga ta’sir qilmaydi” deganlar juda katta xato qiladi. Bunday sharoitda faqat o‘z kuchimiz va ichki imkoniyatlarimizga tayanib, dadil-dadil qadam tashlashimiz kerak”, deydi davlat rahbari.
Yig‘ilishda ta’kidlanishicha, ko‘p rahbarlar hali masalaning jiddiyligini, ikki karra ko‘p ishlash kerakligini bilmayapti. Har bir vazirlik, tarmoq va hududlarning birinchi rahbarlari aniq-aniq reja qilib, ishlab chiqarish, eksport bilan o‘zi shaxsan shug‘ullanishi shart va zarur.
“Bir hafta davomida mutasaddilar 3 mingdan ziyod tajribali tadbirkorlar bilan uchrashdi. Ishbilarmonlar xalqaro bozorlardagi tebranishlarga moslashish uchun tezda hal qilish kerak bo‘lgan yangi-yangi masalalarni qo‘ymoqda. Vazirlar, hokimlar, bank va tarmoq rahbarlariga savollar ko‘p”, deyiladi yig‘ilish haqida Prezident Administratsiyasi tomonidan tarqatilgan xabarda.
Videoselektor yig‘ilishida Prezident Mirziyoyev ayrim rahbarlar tendensiyalarni o‘rganib, xatarlarni to‘g‘ri baholab, tadbirkorlarga yo‘l ochish o‘rniga o‘zlari to‘siq bo‘layotganini tanqid qilgan.
Bundaylarga nisbatan qattiq chora ko‘rilishi haqida ogohlantirilgan.
Live
Barchasi