Prezident mutasaddilarni bo‘sh turgan binolar bo‘yicha qattiq ogohlantirdi
Jamiyat
−
16 aprel 7591 2 daqiqa
Bir hafta ichida Andijon viloyatida 360 ta bo‘sh va samarasiz ko‘chmas mulk aniqlandi. Shuningdek, 96 ta bino-inshootlar ochiq auksionda yillab sotilmayapti. Bu haqda bugun, 16 aprel kuni viloyatni kompleks rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazgan yig‘ilishida ma’lum qildi.
Bildirilishicha, bu ob’ektlar qulay shart asosida sotilsa, tadbirkorlar loyiha qilib, ish o‘rni yaratadi. Masalan, Andijon shahri endokrinologiya markazidagi 20 sotix, yonidagi 1-son poliklinikaning 30 sotix bo‘sh yeri auksionga chiqsa, tadbirkor 20 million dollarlik 600 o‘rinli xususiy tibbiyot markazi qurmoqchi. Yoki, Andijon tumani O‘rikzor mahallasidagi ta’mirtalab “O‘quvchi yoshlar markazi” auksionga qo‘yilsa, bu yerga 35 million dollar investitsiya kiritib, jami 6 ming o‘rinli bog‘cha, maktab, texnikum va oliygohdan iborat ta’lim klasteri qilaman, degan tadbirkorlar ham bor.
Mutasaddilarga bo‘sh yotgan barcha yer va binolarni auksionga chiqarish topshirildi.
“Hammani qattiq ogohlantiraman – tibbiyot va ta’lim tashkilotlariga tegishli bo‘sh binolar faqat “profili”ni o‘zgartirmaslik sharti bilan beriladi”, dedi Prezident.
Bosh prokuraturaga bu borada qat’iy nazorat o‘rnatish topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, yig‘ilishda viloyatga qo‘shimcha 1 trillion so‘m yo‘naltirilishi aytilgandi. Viloyat hokimligi, viloyat tashkilotlari rahbarlari, 16 ta shahar va tuman hokimlari aholi va tadbirkorlarni har kuni eshitib, hozirgi sur’atni saqlab qolishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Live
Barchasi