Prezident Toshkentda ko‘llar sonini 12 taga yetkazishni buyurdi

Jamiyat

image

Toshkent shahridagi sun’iy ko‘llar soni 12 taga yetkaziladi. Bu haqda bugun, 29 aprel kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev gidroenergetika sohasini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishishi chog‘ida mas’ullarga topshiriq berdi.

Qayd etilishicha, taqdimotda poytaxt hududidagi daryo va kanallar bo‘ylarini obodonlashtirish, shaharda salqin mikroiqlim yaratish maqsadida sun’iy ko‘l va havzalar barpo etish bo‘yicha ishlar to‘g‘risida axborot berilgan.

Jumladan, Chirchiq daryosining poytaxt hududidan o‘tuvchi 16 kilometr qismini obodonlashtirish hisobiga 306 gektar yer maydonida “Daryo bo‘yi” loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Loyiha doirasida daryo qirg‘oqlarini mustahkamlash, yashil hududlar barpo etish, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini joylashtirish ishlari amalga oshiriladi. Bektemir kanali bo‘yida 187,3 gektar maydonda “yashil belbog‘” yaratiladi, sayilgohlar barpo etiladi. Piyodalar va veloyo‘laklar, ichki yo‘llar, yoritish tizimlari hamda ko‘priklar quriladi.

Poytaxtda 4 ta sun’iy ko‘l va suv havzalarini tashkil etish loyihasi ham taqdimot qilingan. Prezident aholi uchun qulay sharoitlar, shaharda salqin mikroiqlim yaratishga bu kamlik qilishini qayd etib, ko‘llar sonini 12 taga yetkazishni topshirgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida 108 gektarlik Milliy dendrologiya bog‘i qurilishi haqida xabar berilgan edi. Bog‘ning markaziy qismida 1 gektarlik sun’iy ko‘l va uning atrofida sakura bog‘i tashkil qilish rejalashtirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Toshkent Shavkat Mirziyoev sun'iy ko'l

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing