Prezident Urgutga poyezdda bordi

Jamiyat

image

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 25 noyabr kuni “Samarqand – Urgut” yangi temiryo‘l liniyasida olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi. Davlat rahbari jamoatchilik vakillari bilan birga poyezdda Urgutga bordi hamda tuman faollari bilan samimiy muloqot o‘tkazdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Ushbu temiryo‘l qurilishi joriy yil fevral oyida boshlangan bo‘lib, umumiy uzunligi 55 kilometrni tashkil etadi. Loyiha doirasida ikkita vokzal, “Urgut” iqtisodiy zonasida ikkita yuk stansiyasi hamda bir qator ko‘priklar barpo etildi. E’tiborlisi, mazkur liniyani kelgusida to‘liq elektrlashtirish rejalashtirilgan.

Yangi yo‘nalish ikki juft shaharlararo poyezd va to‘qqiz juft yuk poyezdi qatnovini ta’minlash imkoniyatiga ega. Loyihani shu yil yakuniga qadar yakunlash ko‘zda tutilgan. Poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi orqali yiliga 359 ming yo‘lovchi va 8,2 million tonna yuk tashish imkoni yaratiladi.

Yo‘nalish Samarqand shahri, Jomboy, Pastdarg‘om, Toyloq va Urgut tumanlari aholisi uchun xavfsiz va zamonaviy transport xizmati taqdim etishi bilan ahamiyatli. Shuningdek, ichki turizm rivojiga ham katta turtki beradi.

Temiryo‘l infratuzilmasi iqtisodiyotning asosiy tarmoqlaridan biri bo‘lib, ushbu loyiha “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi salohiyatini yanada oshirishga xizmat qiladi. Yangi yo‘nalish ishga tushishi natijasida 130 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Davlat rahbari jamoatchilik vakillari bilan birga mazkur yo‘nalishda harakatlanuvchi poyezdda Urgutga bordi. Safar chog‘ida Prezident temiryo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, yo‘lovchilar uchun qulayliklarni yanada oshirish, temir yo‘llarni elektrlashtirish va ularga tutash hududlarni obodonlashtirish yuzasidan mutasaddilarga qo‘shimcha topshiriqlar berdi. Shuningdek, yo‘l bo‘ylab amalga oshirilayotgan qurilish va obodonchilik ishlariga e’tibor qaratdi.

Urgut tumani katta salohiyatga ega hudud sifatida tobora muhim o‘rin egallab borayotgani ta’kidlandi. Bu yerdagi aholi ishbilarmon, tadbirkorlik ruhi kuchli. Mamlakat iqtisodiyoti uchun strategik ahamiyatga ega bo‘lgan bunday hududlarni rivojlantirishda esa zamonaviy logistika va infratuzilma hal qiluvchi omil hisoblanadi.

Yangi temiryo‘lning kelishi bilan Urgutda iqtisodiy o‘sishni cheklab turgan to‘siqlar, logistik “tromb”lar bartaraf etiladi. Yuk tashish tezlashadi, mahsulotlar bozorlarga arzon va vaqtida yetkaziladi, investorlar uchun qulayliklar yanada ortib, hududning raqobatbardoshligi oshadi.

Eng muhimi, hududda yaratilayotgan yangi imkoniyatlar aholining turmush darajasiga bevosita ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Infratuzilma rivojlangan joyda ish o‘rinlari ko‘payadi, xizmatlar yaxshilanadi, tadbirkorlik faollashadi.

Ta’kidlanishicha, mazkur loyiha temir yo‘l tarmog‘ini modernizatsiya qilish va kengaytirishga qaratilgan ishlarning muhim qismi hisoblanadi. Bu jarayonda ishlarni o‘z vaqtida va yuqori sifatda amalga oshirish, raqamli texnologiyalarni keng joriy etish hamda xarajatlarni optimallashtirish zarurligi aytildi.

“Safar chog‘idagi suhbatda davlatimiz rahbari Samarqandda bo‘layotgan ijtimoiy-iqtisodiy yangilanishlarning odamlar hayotidagi ijobiy aksi yaqqol ko‘zga tashlanayotgani, yoshlarni vatanparvarlik ruhida, Yangi O‘zbekistonning bunyodkorlari sifatida tarbiyalash haqida so‘z yuritdi. Urgutgacha tortilgan temir yo‘liga tutash yerlarni o‘zlashtirish, ularda qishloq xo‘jaligi madaniyatini yuksaltirish, ta’lim sohasida, shu jumladan, qo‘shni davlatlar bilan xalqaro hamkorlikni mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi”, deyiladi xabarda.

Urgut vokzali yangi yo‘nalishning asosiy nuqtalaridan biri. Prezident vokzal infratuzilmasi, xizmat ko‘rsatish tizimi va yo‘lovchilar harakatini tashkil etish masalalariga e’tibor qaratdi. Turistlar uchun qulayliklarni yaxshilash muhimligi qayd etildi.

Davlat rahbari shu yerda Urgut tumani faollari bilan samimiy muloqot o‘tkazdi. Suhbatda hududlardagi o‘zgarishlar, aholi turmush tarzi va tinchlik qadri haqida fikr almashildi. Odamlarning turmush sharoitlarini yaxshilash, daromad va farovonlikni oshirish, mahallalarni obod qilish davlat siyosatida ustuvor yo‘nalish sifatida belgilanayotgani ta’kidlandi. Iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgarishlar natijasida sanoat, qishloq xo‘jaligi, turizm, transport va energetika sohalarida yirik loyihalar amalga oshirilayotgani qayd etildi. Nuroniylar bu o‘zgarishlar aholi hayotida sezilarli natija berayotgani, xalqimiz islohotlarga yuqori baho berayotganini ta’kidladi.

Shuningdek, Prezident vokzal atrofida aholi farovonligi va hududning iqtisodiy jozibadorligini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha loyihalar taqdimoti bilan ham tanishdi. Tadbirkorlar tashabbusi asosida yaqin hududlarda avtovokzal, milliy choyxona, ekobozor, turar joy binolari, xususiy maktab va bog‘chalar barpo etish rejalashtirilmoqda. Ushbu ishlar amalga oshirilishi natijasida aholiga yangi xizmat turlari yaratiladi, hududning ijtimoiy infratuzilmasi yaxshilanadi, tadbirkorlik muhiti yanada faollashadi. Eng muhimi, 350 nafarga yaqin fuqaroning doimiy bandligi ta’minlanib, hududning iqtisodiy o‘sishiga qo‘shimcha turtki beriladi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 25 noyabr kuni ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar jarayonlari bilan tanishish hamda kelgusidagi vazifalarni faollar ishtirokida belgilab olish uchun Samarqand viloyatiga yetib borgandi. Davlat rahbari Samarqandga tashrifini taomilga ko‘ra, Imom Buxoriy maqbarasini ziyorat qilish bilan boshladi. Qur’on tilovat etilib, duo o‘qildi. Prezident keyin Samarqand viloyati Oqdaryo tumani Dahbed shaharchasida joylashgan Mahdumi A’zam majmuasida amalga oshirilayotgan rekonstruksiya ishlari bilan tanishdi. Mirziyoyev Samarqandga tashrifi chog‘ida Hazrati Hizr majmuasida ham bo‘lib, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimov maqbarasiga gul qo‘ydi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev Samarqand poezd Urgut temiryo'l

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing