“Prezidentning quvonchisizlar”. Mirziyoyev U-17 jamoasi bilan uchrashdi
Sport
−
18 avgust 10086 3 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 18 avgust kuni Yuqori Chirchiq tumanida barpo etilgan Milliy futbol markazini borib ko‘rdi va u yerda Islombek Ismoilov boshqaruvidagi O‘zbekiston U-17 futbol jamoasi bilan uchrashdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
O‘zbekistonning 17 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlar terma jamoasi joriy yil aprelda Caudiya Arabistonida bo‘lib o‘tgan Osiyo kubogida birinchi o‘rinni egallab, jahon chempionatiga yo‘llanma olgan edi. Prezident Mirziyoyev ushbu futbolchilar bilan uchrashib, ularga mehr-e’tiborini izhor qildi.

“Biz hamma sohada dunyoda munosib o‘rin egallashga intilayapmiz. Sportchilarimiz buni tezroq yetkaza oladi. Sizlar irodali g‘alabangiz bilan, xalqimiz mehnat qilsa, harakat qilsa, hamma narsaga qodir ekanini yana bir bor isbotladingiz. Butun dunyo sizning timsolingizda azmu shijoatli, g‘ururi baland, hech qachon intilishdan qaytmaydigan yangi O‘zbekiston avlodini ko‘rdi. Endi futbolni hozirgidan ham 2-3 karra ko‘proq qo‘llab-quvvatlaymiz. Sizdek yoshlar xalqimizning ishonchi, Prezidentning quvonchisizlar”, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Davlat rahbari ikki yil oldin bu yerga tashrif buyurib, mavjud stadionga tutash hududda zamonaviy majmua bunyod etish zarurligini aytgan edi. Ko‘p o‘tmay, 2023 yil 3 noyabrda “Futbol-ta’lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish hamda xalqaro standartlarga mos keladigan futbol infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Prezident qarori imzolandi.

Mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilgan mazkur markaz bunda juda muhim bo‘g‘in. Bu yerda bir vaqtning o‘zida 6 ta terma jamoamizning o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazish imkoniyati bor. Buning uchun stadionlar, o‘quv binolari, sport zallari, mehmonxona barpo etilgan. Plyaj futboli maydoni, futzal maneji, basseyn va reabilitatsiya bo‘limi qo‘shimcha qulayliklar yaratgan.
Majmuada professional futbolchi va mutaxassislarni tayyorlash uchun to‘rtta tuzilma tashkil etildi. Bular – Futbol mutaxassislarini tayyorlash va ilmiy-tadqiqot markazi, Futbol terma jamoalari tayyorgarlik markazi, Respublika futbol akademiyasi, Sport tibbiyoti va reabilitatsiya markazidir. Prezident ularda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Futbol tibbiyoti va reabilitatsiyasi bo‘limiga xorijiy uskunalar olib kelingan, eng ilg‘or uslublar o‘zlashtirilgan. Bu futbolchilarga qisqa vaqt ichida jismonan tiklanish imkoniyatini beradi. Futbol akademiyasida yosh iste’dodlar saralanib, tarbiyalanadi. Buni xalqaro darajada tashkil etish uchun markazga Argentina, Vengriya va Xorvatiya kabi davlatlardan mutaxassislar jalb qilingan. Ular malakali murabbiy, hakam, tahlilchi, seleksioner va futbol menejerlarini tayyorlashda ishtirok etmoqda. Majmuada “VAR markazi” ham tashkil etilgan.

Davlat rahbari shu yerda sport faxriylari va yosh futbolchilar bilan suhbatlashdi. O‘zbekistonda futbol eng ommaviy sport ekani, uni rivojlantirish izchil davom ettirilishi ta’kidlandi. Keyingi yillarda futbol tizimi tubdan yaxshilandi. Bolalar futboli, to‘garakalardan tortib akademiyalar, jamoalar, chempionatgacha e’tibor kuchaydi.

Sportchilar bu sharoitlar uchun davlat rahbariga minnatdorlik bildirib, xalq ishonchini oqlashga va’da berdi.
Ma’lumot uchun, FIFA U-17 Jahon chempionatiga tayyorgarlikni davom ettirayotgan O‘zbekiston o‘smirlar terma jamoasi 20 avgustdan boshlab Farg‘ona shahrida o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlariga kirishadi. 1 sentyabrdan yig‘inning ikkinchi qismi Ispaniyada davom ettiriladi. Islombek Ismoilov boshqaruvidagi jamoa yig‘in doirasida xalqaro turnirda ishtirok etadi va 2025-yilgi U-17 Jahon chempionati ishtirokchilari – Angliya, Kanada hamda Marokash o‘smirlar terma jamoalariga qarshi maydonga tushadi.