Putin Kremlda Trampning odamlari bilan uchrashdi
Olam
−
23 yanvar 3450 2 daqiqa
Rossiya Prezidenti Vladimir Putin, uning yordamchisi Yuriy Ushakov va Putinning maxsus vakili, Rossiya to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalar jamg‘armasi bosh direktori Kirill Dmitriyev AQSH Prezidenti Donald Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff, Trampning kuyovi Jared Kushner hamda Oq uyning katta maslahatchisi Josh Gryunbaum bilan Kremlda yopiq eshiklar ortida uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Rossiya yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv kecha, 22 yanvar kuni kechqurun bo‘lib o‘tgan. Tomonlar Ukrainada davom etayotgan urushni to‘xtatishning ehtimoliy yo‘llarini muhokama qilgan.
Uchrashuvlardan keyingi xulosalar e’lon qilinmagan. Kreml matbuot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuv uch yarim soatdan ortiq davom etgan.
Ma’lumot uchun, Jared Kushner 2017 yil yanvaridan 2021 yil yanvarigacha Tramp ma’muriyatida katta maslahatchi lavozimida ishlagan. Hozirda u AQSH ma’muriyatida rasmiy lavozim egallamagan bo‘lsa-da, Trampga ta’sirini saqlab qolgan va Oq uyning diplomatik hamda siyosiy tashabbuslarida ishtirok etib kelmoqda.
Josh Gryunbaum AQSH Umumiy xizmatlar boshqarmasi tarkibidagi Federal xaridlar xizmati komissari bo‘lib, Tramp tomonidan yaqinda tashkil etilgan “Tinchlik kengashi”ning katta maslahatchisi etib tayinlangan. Ushbu muzokaralarda u ilk bor qatnashdi.
Bundan avval shunga o‘xshash uchrashuv Stiv Uitkoff va Vladimir Putin o‘rtasida 2025 yilning dekabr oyi boshida bo‘lib o‘tgan. O‘shanda muzokaralar besh soat davom etgan, biroq sezilarli natija bermagan.
Ukrainadagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha muzokaralar 23 yanvar kuni Abu-Dabida davom etishi kutilmoqda. Unda uzoq vaqtdan beri ilk bor Moskva va Kiyev vakillari bevosita uchrashadi. AQSH ushbu muzokaralarda vositachi sifatida ishtirok etadi.
OAVga ko‘ra, tomonlar Trampning Falastin – Isroil mojarosi va boshqa nizolarni tartibga solish uchun tashkil etgan “Tinchlik kengashi”ga Rossiyani taklif etish masalasini, shuningdek AQSH hududida muzlatib qo‘yilgan Rossiya aktivlari taqdirini muhokama qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vladimir Putin AQSHda muzlatib qo‘yilgan Rossiya aktivlaridan 1 milliard AQSH dollari “Tinchlik kengashi”ga ajratilishi, qolgan mablag‘lar esa Ukrainadagi urush oqibatida vayron bo‘lgan hududlarni tiklashga yo‘naltirilishi mumkinligi haqida aytgandi.
Live
Barchasi