Tramp Putinga ham taklif yuborgani tasdiqlandi
Olam
−
20 yanvar 1734 2 daqiqa
AQSH Prezidenti Donald Tramp rossiyalik mavqedoshi Vladimir Putinga G‘azo sektoridagi vaziyatni hal qilish uchun “Tinchlik kengashi”ga qo‘shilish taklifini yuborganini tasdiqladi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
“U taklif qilindi”, deya jurnalistlar bilan suhbatda tegishli masalaga to‘xtalib o‘tgan Amerika yetakchisi.
Putin Trampning "Tinchlik kengashi"ga kirish taklifini diplomatik kanallar orqali olgani haqida kecha, 19 yanvar kuni Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qilgandi.
“Ayni paytda biz ushbu taklifning barcha tafsilotlarini o‘rganmoqdamiz, barcha nozik jihatlarni aniqlashtirish uchun Amerika tomoni bilan aloqalarga umid qilamiz”, deya tushuntirgandi Peskov.
“The Financial Times” nashrining yozishicha, Trampning Putinni taklif qilishiga u bilan muloqot va iliq munosabatlarni saqlab qolish istagi sabab bo‘lgan.
Markaziy Osiyo davlatlaridan esa Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham xuddi shunday taklifni qabul qildi.
Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yil 16 yanvarda G‘azo sektorida Tinchlik kengashi tuzilishini e’lon qilgan edi. Ushbu tuzilmani tashkil etish Trampning G‘azo bo‘yicha tinchlik rejasining bir qismi bo‘lib, unda xalqaro kuchlarni joylashtirish ham nazarda tutilgan. Birlashmaning ijroiya qo‘mitasi tarkibiga AQSH Davlat kotibi Marko Rubio, Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff, Prezidentning kuyovi Jared Kushner hamda Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler kiradi.
“Bloomberg” ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH G‘azo sektori bo‘yicha xalqaro Tinchlik kengashida doimiy o‘rin olishni istagan davlatlardan kamida 1 milliard AQSH dollari badal kiritishni so‘ramoqda. Ijroiya kengashining birinchi raisi Trampning o‘zi bo‘lib, tashkilot a’zoligiga kimni qabul qilish masalasini aynan u hal qiladi. Tinchlik kengashiga a’zo bo‘lgan har bir davlat uch yildan ortiq bo‘lmagan muddatga tayinlanadi va bitta ovozga ega bo‘ladi. Kengash qarorlari ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi, biroq ularning barchasi rais – Tramp tomonidan tasdiqlanishi shart.
Live
Barchasi