Tramp Putinni ham G‘azo Tinchlik kengashiga taklif qildi

Olam

image

AQSH Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni G‘azo bo‘yicha Tinchlik kengashi tarkibiga kirishga taklif qildi. Bu haqda bugun, 19 yanvar kuni Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga ma’lum qildi.

“Ha, Prezident Putin ham diplomatik kanallar orqali ushbu Tinchlik kengashi tarkibiga kirish bo‘yicha taklif oldi. Hozirda biz bu taklifning barcha tafsilotlarini o‘rganmoqdamiz va hamma nozik jihatlarni aniqlashtirish uchun Amerika tomoni bilan aloqalar bo‘lishiga umid qilamiz”, deydi Peskov.

Eslatib o‘tamiz, AQSH Prezidenti Donald Tramp joriy yil 16 yanvarda G‘azo sektorida Tinchlik kengashi tuzilishini e’lon qilgan edi. Ushbu tuzilmani tashkil etish Trampning G‘azo bo‘yicha tinchlik rejasining bir qismi bo‘lib, unda xalqaro kuchlarni joylashtirish ham nazarda tutilgan. Birlashmaning ijroiya qo‘mitasi tarkibiga AQSH Davlat kotibi Marko Rubio, Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff, Prezidentning kuyovi Jared Kushner hamda Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Toni Bler kiradi.

Vashington Tinchlik kengashida ishtirok etish uchun 50 ta davlat rahbarlariga, jumladan, Argentina, Kanada, Fransiya, Germaniya, Avstraliya, Bahrayn, Misr, Turkiya va Isroil yetakchilariga taklif yuborgan. Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev ham taklif olgan.

“Bloomberg” ma’lumotlariga ko‘ra, AQSH G‘azo sektori bo‘yicha xalqaro Tinchlik kengashida doimiy o‘rin olishni istagan davlatlardan kamida 1 milliard dollar badal kiritishni so‘ramoqda. Ijroiya kengashining birinchi raisi Trampning o‘zi bo‘lib, tashkilot a’zoligiga kimni qabul qilish masalasini aynan u hal qiladi. Tinchlik kengashiga a’zo bo‘lgan har bir davlat uch yildan ortiq bo‘lmagan muddatga tayinlanadi va bitta ovozga ega bo‘ladi. Kengash qarorlari ko‘pchilik ovoz bilan qabul qilinadi, biroq ularning barchasi rais – Tramp tomonidan tasdiqlanishi shart.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Putin Donal'd Tramp Tinchlik kengashi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing