Putin rezidensiyasiga hujum: Rossiya AQSHga Ukraina dronining “kontrolleri”ni topshirdi
Olam
−
02 yanvar 7150 3 daqiqa
Rossiya Mudofaa vazirligi Amerika tomonga navigatsion kontroller taqdim etdi va u Novgorod viloyatida Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning qarorgohiga uchib kelgan Ukrain dronidan olinganini da’vo qildi. Bu haqda “The Moscow Times” xabar berdi.
Nashrning yozishicha, qurilma dron parvozi marshruti bo‘yicha shifrdan chiqarilgan ma’lumotlar bilan birga AQSHning Moskvadagi harbiy attashe apparati vakiliga topshirilgan. Bosh shtabning Bosh razvedka boshqarmasi rahbari Igor Kostyukovning aytishicha, Rossiya maxsus xizmatlari tomonidan o‘tkazilgan shifrni ochish ishlari “bahs-munozarasiz va aniq” tarzda hujumning nishoni aynan Putinning Valdaydagi qarorgohi bo‘lganini tasdiqlagan. Admiral ushbu materiallar “barcha savollarga barham beradi va haqiqatni aniqlashga xizmat qiladi”, degan ishonchni bildirgan.
Rossiya Mudofaa vazirligi Novgorod viloyatida urib tushirilgan Ukraina dronining texnik ekspertiza natijalarini AQSHga topshirish niyati haqida 1 yanvar kuniyoq e’lon qilgan.
Bu “The Wall Street Journal” nashrida maqola chiqqanidan so‘ng yuz bergan. Gazeta razvedkadagi manbalarga tayanib, Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) Ukraina Qurolli kuchlari tomonidan Putinning qarorgohiga hujum qilinishiga oid dalillarni topmaganini va bu haqda Prezident Donald Trampga ma’lumot berilganini yozgandi.
Shundan so‘ng, Oq uy rahbari “New York Post”dagi “Putinning “hujum” haqidagi jangovar bayonotlari tinchlik yo‘lida to‘siq aynan Rossiya ekanini ko‘rsatadi” sarlavhali bo‘limga havola e’lon qildi. Oradan ko‘p o‘tmay, Rossiya Mudofaa vazirligi drondan “parvoz vazifasi yozilgan fayl” ajratib olinganini ma’lum qilib, uning shifrdan chiqarilishi marshrutning yakuniy nuqtasi Prezident qarorgohi ekanini ko‘rsatishini da’vo qildi.
Eslatib o‘tamiz, Putinning Valdaydagi qarorgohiga hujum bo‘lgani haqida birinchi bo‘lib Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ma’lum qilgan edi. U Ukraina Qurolli kuchlari “29 dekabrga o‘tar kechasi” zarba berishga uringanini va buning uchun 91 ta drondan foydalanganini aytgan. TIV rahbari buning ortidan Moskva urushni yakunlash bo‘yicha muzokaralardagi pozitsiyasini qayta ko‘rib chiqishini ta’kidlagan.
Shu bilan birga, Rossiya Mudofaa vazirligi o‘sha kuni ertalab ko‘rsatilgan davrda Novgorod viloyati osmonida atigi 18 ta dron yo‘q qilingani, soat 7:00 dan 9:00 gacha esa yana 23 tasi urib tushirilgani haqida xabar bergan. Keyinchalik idora qolgan 50 ta dron Bryansk va Smolensk viloyatlari ustida yo‘q qilinganini bildirgan. Vazirlik iddaosiga ko‘ra, ular ham qarorgoh tomonga uchib ketayotgan bo‘lgan, holbuki bu hududlar Novgorod viloyati bilan hatto chegaradosh ham emas.
Mustaqil OAV tomonidan so‘rovga tutilgan Valday aholisi dronlarni ko‘rmaganini va havo hujumi xavfi haqida SMS-xabarlar olmaganini aytgan.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Putinning qarorgohiga hujum qilingani haqidagi bayonotni “feyk” deb atagan. Uning fikricha, Moskva shu yo‘l bilan Kiyevdagi hukumat binolariga zarbalar berish uchun zamin hozirlab, Ukraina va AQSH o‘rtasidagi tinchlik muzokaralarida erishilgan siljishni izdan chiqarmoqchi va urushni to‘xtatishdan bosh tortishini oqlamoqchi.
Putin Trampga o‘z qarorgohiga hujum bo‘lgani haqida Zelenskiy bilan Floridada uchrashuvdan ko‘p o‘tmay shikoyat qilgan. Ushbu muzokaralar yakunida AQSH yetakchisi tinchlik rejasining Donbass taqdiridan tashqari 95 foiz bandlari kelishib olinganini ma’lum qilgan edi. Shu bilan birga, Moskvada Kremlni ushbu hujjatning mazkur talqini qoniqtirmayotgani aytilgan.
Live
Barchasi